Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer hisobini yuritish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, yigʻilish avvalida Oʻzbekistondagi 44 million 800 ming gektar yer maydoni, 8 million 300 mingta bino va inshootning mulk sifatidagi bozor bahosi hisoblanmagani qayd etildi.

Hozirda mavjud bino va inshootlarning shartli kadastr qiymati 70 milliard dollarni tashkil qiladi.

Vaholanki, ularning haqiqiy bozor bahosi bundan kamida 4-5 barobar koʻp.
“Bunga yerning bozor qiymatini ham qoʻshsa, bilasizlarmi aholi va tadbirkorlarda qanchadan-qancha iqtisodiy aktiv boʻladi”, – dedi Prezident.
Buning uchun, eng avvalo, yer hisobini joy-joyiga qoʻyish shart. Lekin ayrim hokimlar va vazirlar buni hisob-kitobini hali oʻylab ham koʻrmagani, oʻziga biror-bir vazifa ham belgilab olmagani qayd etildi.
Oxirgi uch yilda sohani raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami yerlarning 90 foizi kadastrdan oʻtkazildi.

Endi qolgan muammoli yerlarni ham toʻliq kadastr roʻyxatidan oʻtkazish shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Qishloq xoʻjaligi yerlarida aerosuratga oladigan zamonaviy samolyot va laboratoriyalar olib berildi.

Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda toʻliq yakuniga yetkazish topshirildi.

Aerosuratlar asosida qishloq yerlarini monitoring qilish tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan