“Saroy javohiri” serialidagi Tangem obrazi bilan koʻpchilikka tanish boʻlgan koreyalik mashhur aktrisa Li Yong E Falastin-Isroil mojarosi oqibatida jabrlangan bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 50 million von (38,54 ming dollar) xayriya qildi. Bu haqda Koreya Qizil xoch tashkiloti X sahifasida maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Yong E tomonidan qilingan xayriya pullar jabrlangan hududlardagi bolalarga tibbiy yordam va Xalqaro Qizil Xoch harakati orqali insonparvarlik yordami yetkazib berish kabi ishlarga sarflanadi.
“BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (UNOCHA) bergan maʼlumotga koʻra, 20-noyabr holatiga Gʻazo sektorida halok boʻlgan 11 078 kishining 4 506 nafari bolalardir. Infratuzilmaning buzilishi va insonparvarlik yordamiga cheklovlar tufayli qurbonlar soni ortmoqda”, deyiladi xabarda.

Aytish joiz, Falastin hukumatining Gʻazodagi matbuot boʻlimi 22-noyabrda taqdim etgan maʼlumotlarda esa Isroilning blokadadagi Gʻazo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok boʻlganlar soni 14 828 ga yetgani qayd etilgan.
Shuningdek, raketa hujumlari oqibatida 205 tibbiyot xodimi, 22 fuqaro mudofaasi xodimi va 62 jurnalist halok boʻlgan. Bundan tashqari, Gʻazo sektorining 33 mingdan ortiq aholisi jarohatlangan, ularning 75 foizi bolalar va ayollar hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, bu aktrisa Li Yong Ening urush oqibatida jabrlanganlarga ilk xayriyasi emas, u 2022-yiling 1-mart kuni ham Ukraina xalqiga yordam berish uchun 100 million von (oʻsha vaqtdagi kurs boʻyicha 83 ming dollar) xayriya qilgan edi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan