Oʻzbekistonda allergik kasallik koʻrsatkichlari yuqori hududlarda ommaviy skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 23-noyabr kuni qabul qilingan “Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-371-son qarorida maʼlum qilindi.
Hujjatda tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik koʻrsatkichlari ustidan nazorat kuchaytirilishi va manzilli skrining tekshiruvlari joriy etilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, 2024-yil 1-yanvardan allergik va immunologik kasalliklarga chalingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da boʻlgan bemorlarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, 2024-yildan allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) koʻrsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining
tekshiruvlari oʻtkazilishi, shuningdek, hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilinadi. Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan koʻrsatiladi.

Qarorga koʻra, 2024-yildan quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi:
allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish koʻlami hududlar kesimida oʻrganilib, uning natijalari Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;
aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish koʻlami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid maʼlumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali eʼlon qilib boriladi.
2024-yil 1-aprelgacha allergik kasallikka chalingan bemorlarning elektron reyestri yaratilib, amaliyotga tatbiq etiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan