Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — SPEKA sammitidagi nutqi:
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi – SPEKAning ilk sammitini tashkil etish tashabbusi va koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev nomiga bildirilayotgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.
Shuni alohida aytib oʻtmoqchimanki, Ozarbayjonning samarali raisligida Dasturimiz doirasidagi mintaqaviy hamkorligimiz mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi.
Bu yil Jenevada oʻtgan vazirlar uchrashuvi, shu kunlarda Bokuda boʻlayotgan “SPEKA haftaligi” va albatta, bugungi tarixiy sammitimiz keng mintaqamizni global ahamiyatga molik oʻzaro bogʻliqlik markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, hurmatli hamkasblarimni, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali vakillarini va tadbirning barcha ishtirokchilarini qoʻshma Dasturimiz taʼsis etilganining 25 yilligi bilan chin dildan tabriklayman.
Kuni kecha SPEKAning ushbu qutlugʻ sanasiga bagʻishlangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasi qabul qilinganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!
Toshkentda asos solingan mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida oʻzining nihoyatda zarurligini yaqqol koʻrsatdi. Uning doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etilgani, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilingani ushbu fikrimizni tasdiqlaydi.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhiti kuchayib, integratsiya chuqurlashayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlayman. Biz muhtaram hamkasblarimiz bilan birgalikda qanday qiyin masala va murakkab muammolarni samarali hal qilganimizni barchangiz yaxshi bilasiz.

Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Vengriya bilan sanoat kooperatsiyasi va infratuzilma boʻyicha yirik dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Qoʻshma investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, moliyalashtirish mexanizmlarini yoʻlga qoʻydik. Chegara hududlarida zamonaviy savdo-logistika markazlari va maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda.
Shu oʻrinda hurmatli Ilhom Haydarovich rahbarligida tarixiy adolat tiklangan va ozod etilgan Ozarbayjon hududlarida olib borilayotgan misli koʻrilmagan bunyodkorlik ishlarini alohida eʼtirof etmoqchiman.
Albatta, bu xayrli va keng koʻlamli oʻzgarishlar mintaqaviy hamkorligimizni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonaman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mamlakatlarimiz qanday ogʻir xavf-xatarlarga duch kelayotganini juda yaxshi his qilib turibmiz. Zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish mintaqaviy hamkorligimizni yanada kuchaytirishni, bir-birimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni taqozo etmoqda.
Bu borada quyidagi asosiy yoʻnalishlarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Birinchidan, Oʻzbekiston SPEKA dasturini iqtisodiy hamkorligimizni kengaytirish borasida ochiq va yanada taʼsirchan mintaqaviy platformaga aylantirish tarafdoridir.
Shu maqsadda sherikligimizning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, Dasturimizning institutsional asoslarini mustahkamlash vaqti keldi, deb hisoblayman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKATO ekspertlari bilan birgalikda “SPEKA–2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, Dasturimiz doirasida Mintaqaviy savdoni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Soʻz, eng avvalo, mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uygʻunlashtirish borasida jahondagi eng ilgʻor tajriba va amaliyotlarni joriy etish haqida ketmoqda.
Tahlillarga koʻra, davlatlarimiz oʻzaro savdo aylanmasini hozirgi 52 milliarddan 2030-yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Uchinchidan, Hamkasblarim taʼkidlaganidek, SPEKAning Maqsadli jamgʻarmasini tashkil etishni tezlashtirish va kelgusi yilning oʻzida uning amaliy ishini yoʻlga qoʻyish kerak.
Jamgʻarma faoliyati, birinchi navbatda, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Jamgʻarma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablagʻlarini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim.
Oʻzbekiston ham uni shakllantirish uchun oʻz moliyaviy hissasini qoʻshishga tayyor.
Toʻrtinchidan, bugun qabul qilinayotgan Transkaspiy multimodal yoʻlagi boʻyicha maʼlumot va hujjatlar almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni hayotga toʻliq tatbiq etish tarafdorimiz.
Bu borada kelgusi yilning boshida Oʻzbekistonda mamlakatlarimiz transport vazirlari, logistika kompaniyalari, yuk tashuvchilari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari hamda sohaning yetakchi ekspertlari ishtirokida “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini oʻtkazishga tayyormiz.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqamizda transport bogʻliqligini kuchaytirish boʻyicha yirik loyihalarni faol ilgari surish niyatidamiz.
Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzishni va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda oʻtkazishni taklif etamiz.

Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalarimiz oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni ragʻbatlantirish va resurslarni tejaydigan ilgʻor yechimlarni joriy etish, “ekspress” yoʻlaklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy oʻrin egallaydi.
Oltinchidan, suv, energetika, ekologiya va qishloq xoʻjaligi sohalari oʻzaro uzviy bogʻliq ekanidan kelib chiqib, SPEKAning keng koʻlamli yangi konseptual hujjatini – koʻp tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.
Tabiiyki, bunday oʻtkir va tobora avj olib borayotgan muammolarni mintaqamizdagi hech bir davlat yakka holda oʻz kuchi bilan hal qila olmaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahlillariga koʻra, suv taqchilligi tufayli mintaqamiz davlatlari har yili qariyb 2 milliard dollargacha mablagʻ yoʻqotmoqda. Bunday murakkab jarayon yanada kuchaysa, muammolar kompleks hal etilmasa, kelgusida aholi jon boshiga suv bilan taʼminlash koʻrsatkichi 25 foizga, hosildorlik esa 40 foizga qisqarib ketishi mumkin.
Yettinchidan, SPEKA doirasida ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli ragʻbatlantirish maqsadida SPEKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish boʻyicha taklifimizni koʻrib chiqishingizni soʻrayman.
Sammitimiz arafasida oʻtgan biznes uchrashuvlari bunday muloqotlar doʻst xalqlarimiz uchun naqadar muhim ekanini yana bir bor isbotladi.
Shuningdek, Kengash doirasida mamlakatlarimiz ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligimizga beqiyos hissa qoʻshib kelayotgan ayollarni “SPEKA eʼtirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlashni taklif etaman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Maʼlum sabablarga koʻra, bugungi uchrashuvimiz Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlgan va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashda muhim omil hisoblangan Afgʻoniston davlati vakillari ishtirokisiz oʻtmoqda.
Barcha hamkasblarimga, Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKATO rahbariyatiga murojaat etib, ularni SPEKA dasturi doirasida afgʻon tomoni bilan ishchi aloqalarni oʻrnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqiraman.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan