Oʻzbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva toʻngʻich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan Qatar milliy muzeyi va Islom sanʼati muzeyi bilan tanishdi. Bu haqda OʻzA xabar qildi.

Qayd etilishicha, Ziroat Mirziyoyeva tashrif buyurgan Qatar milliy muzeyi 2019-yilda ochilgan. U yerda Qatar davlatining tarixi, qatarliklar urf-odati va anʼanalari hamda mamlakatdagi islom obidalari haqidagi maʼlumotlar oʻz aksini topgan.

Shuningdek, ular Qatardagi Islom sanʼati muzeyiga ham borgan.
Muzey Doha sohilidagi sunʼiy orolda joylashgan boʻlib, 5 qavatdan iborat. 2008-yilda ishga tushirilgan.

Bu muzey anʼanaviy madaniyat xilma-xilligini va islom sanʼati serqirraligini ifodalovchi ramziy vosita boʻlib xizmat qiladi. Unda Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarida VII asrdan XIX asrga qadar mavjud boʻlgan islom sanʼati buyumlari oʻz aksini topgan. Muzey qoshida kutubxona va 200 oʻrinli oʻquv zali, restavratsiya laboratoriyasi va taqdimot oʻtkazish uchun qator xonalar mavjud.

Eʼtiborli jihati, bu muzeyda Samarqanddan keltirilgan Qurʼon sahifasi nusxasi ham bor.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Qatarda boʻlib oʻtgan XI Taʼlim boʻyicha xalqaro innovatsion sammitda ishtirok etgandi. Sammit doirasida Ziroat Mirziyoyeva va Qatar Amirining onasi Moza bint Nosir al-Misnad oʻrtasida yakkama-yakka uchrashuv ham o’tkazilgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan