4-sentyabr kuni YUNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” koʻrgazmasi ochildi. Loyiha buyuk alloma va mutafakkir tavalludining 1050-yilligiga bagʻishlangan.
Tashrif buyuruvchilar vizual installyatsiyalar yordamida Abu Rayhon Beruniyning hayoti va ijodi, kashfiyot va izlanishlari haqida maʼlumot olishlari mumkin. Ekspozitsiyada allomaning Fransiya milliy kutubxonasi fondidan yigʻilgan qoʻlyozmalariga alohida joy ajratilgan.
Oʻylaymanki, ushbu loyiha Yevropa jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotib, buyuk allomalarimiz merosi bilan faxrlanadigan oʻzbek zamini haqidagi tasavvurlarini yanada boyitadi.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston YUNESKO Bosh Konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda Samarqandda oʻtkazishga tayyorligini mamnuniyat bilan maʼlum qilaman! Agar ushbu taklif maʼqullansa, bu tarixiy voqea YUNESKO sessiyalarini faqat Parijda chaqirish boʻyicha 40 yildan oshiq davom etgan anʼanani oʻzgartira oladi.