Poytaxtda yoʻl harakati qoidalarini buzgan haydovchilarning 62 ta avtotransport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirildi.
17-noyabr kuni oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida maʼmuriy jarimalarni muddatida toʻlamagan transport vositasi haydovchilari zamonaviy texnologiyalar yordamida aniqlanib, 617 ta qoidabuzar haydovchidan 269 million 45 ming soʻm qarzdorlik undirilgan hamda jarimani toʻlashdan bosh tortganlarga tegishli boʻlgan 62 ta avtotransport vositalari jarima maydonlariga joylashtirilgan.
Amaldagi tartiblarga koʻra, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani haydovchi jarima solish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran 60 kundan kechiktirmay toʻlashi lozim. Ana shu muddatda toʻlanmagan jarimalar MIB ish yurituviga oʻtkaziladi va majburiy tarzda undirish choralari koʻraladi.
Maʼlumot uchun, Byuro organlari tomonidan ijro ishi doirasida avtotransport vositalariga taqiq qoʻyish, ularni xatlash, jarima maydonchasiga joylashtirish, realizatsiya qilish, qarzdorga tegishli plastik kartalardan pul mablagʻini yechib olish, undiruvni ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga qaratish kabi majburiy ijro harakatlari amalga oshirilishi mumkin.
Qayd etilishicha, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan IIB YHXB organlari qarorlari asosida yoʻl harakati qoidalarini buzgan haydovchilardan oʻz vaqtida toʻlanmagan 176 milliard 747 million soʻm jarima undirilgan.