Ijtimoiy tarmoqlarda yangiyoʻllik homilador ayolning shifoxonada vafot etgani haqida aytilgan videomurojaat tarqaldi.

Toshkent viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.

“1997-yilda tugʻilgan homilador ayol M.Q. Yangiyul shahridagi tugʻuruq muassasasiga shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi yoʻllanmasi bilan murojaat qilgan va 2023-yilning 14-noyabr kuni (videomurojaatda aytilganidek, 13-noyabr kuni emas) “Homiladorlik-2, 31-32 hafta, muddatidan avvalgi tugʻuruq xavfi” tashxisi bilan qabul qilingan.

Markazda bemor zarur tekshiruvlardan oʻtkazilib, davo choralari olib borilgan. Shu kuni kechqurun ayolda koʻngil aynishi va qayt qilish holati kuzatilgan. Bemor ushbu holatni somsa va salat yeyishi bilan bogʻlagan. Infeksionist va xirurg koʻriklari tashkil etilib, oshqozon-ichak faoliyati buzilishi qayd qilingan. UTT tekshiruvida bachadon normotonusda, jigar va oʻt pufagi faoliyati normal ekani tashxislangan” deyiladi xabarda.

Shundan soʻng homilador ayol undan xabar olgani kelgan turmush oʻrtogʻi bilan uchrashgan. Palataga qaytgandan soʻng kutilmaganda ayolning ahvoli ogʻirlashib, hushidan ketgan. Koʻrsatilgan reanimatsion shoshilinch tibbiy yordam choralariga qaramay, bemorda biologik oʻlim holati yuz bergan.

Sud tibbiyot ekspertizasi dastlabki xulosasiga koʻra, marhumada homiladorlikka aloqador boʻlmagan neyrofibromatoz xastaligi asoratlari oqibatida taloq arteriyasining, ichak tutqich tomirlarning spontan yorilishi toʻsatdan oʻlim holatiga olib kelganligi maʼlum qilinmokda.

Maʼlumotlarga koʻra, arteriyalarning toʻsatdan yorilishi – nasliy xastalik hisoblangan neyrofibromatoz (Reklingxauzen sindromi)ning asorati boʻlib, aksariyat holatlarda oʻlim bilan yakunlanadi.

“Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar surishtiruv olib bormoqda. Yakuniy xulosa haqida qoʻshimcha xabar beriladi” deb yoziladi rasmiy munosabatda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan