Suv havzalarini, kanal va kollektor atrofidagi boʻsh yerlarni aholi va tadbirkorlarga berish boʻyicha qaror qabul qilingan.

Lekin, yer balansida suv fondi yerlarining bor-yoʻgʻi 0,3 foizi ekin yeri sifatida koʻrsatilgan. Bu haqiqiy ahvoldan yiroqligi, zero suv xoʻjaligida yerlarning aksariyatida egalik hujjati mavjud emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Aslida, suv fondi yerlaridan qoʻshimcha iqtisodiy samara olishning birdan bir yoʻli – ularni toʻliq kadastrdan oʻtkazish. Bu ish oʻrniga ham, oziq-ovqat uchun ham qoʻshimcha zaxira boʻladi.

Mutasaddilarga suv fondi yerlarini tartibga solish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Hokimlarga suv fondi kadastri qachon toʻliq boʻladi, deb kutib oʻtirmasdan, hujjati tayyor boʻlgan boʻsh yerlarni aholiga eksportbop ekin ekish uchun boʻlib berish topshirildi.

Shuningdek, yigʻilishda yoʻl xoʻjaligida ham shu ahvol ekani taʼkidlandi. Koʻpgina ichki yoʻllar va unga tutash yerlarning hujjati yoʻqligi bilan bogʻliq muammolar koʻrsatib oʻtildi.

Kelgusi yilda “Tashabbusli byudjet” va “Mening yoʻlim” loyihalariga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan taʼmirlanadigan ichki yoʻllarni loyihalashda ularga kadastr hujjatini tayyorlashni ham nazarda tutish topshirildi.

Ayrim vazirliklarga berilgan yer va binolar kadastri ham qoniqarsizligi qayd etildi. Baʼzi obyektlarning egalik hujjati yoʻqligi aniqlangan. Ushbu yerlarning hujjati yoʻqligi sababli talon-toroj qilingan holatlar mavjud.

Vazirliklarga oʻzlariga qarashli barcha yer va binolarni hujjatlashtirishni yakuniga yetkazish, Bosh prokuraturaga ushbu ishlarning qatʼiy nazoratini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan