Muallif: Xushboqova Shahnoza Shavkat qiziO‘zbekiston Bolalar tashkiloti, Surxondaryo viloyati “Ta’lim” yo‘nalishi sardoriGermaniyadagi Constructor University va Berlin International University of Applied Sciences talabasi

Orzuning boshlanishi

Tasavvur qiling: bir qiz bolaning orzusi — NASA’da muhandis bo‘lish. Ammo uning oldida yagona to‘siq — “Qiz bola yurtidan chiqmasin” degan eski qarash. Bu holat bugungi globallashayotgan dunyoda qanday to‘g‘ri keladi?

Ilm — erkinlik sari yo‘l

Bugungi kunda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Ammo shunga qaramay, ayrim jamiyatlarda hali ham ‘qiz bola xorijda o‘qisa, yo‘ldan ozadi’ degan noto‘g‘ri qarash mavjud. Aslida esa, bilim olish, dunyoqarashni kengaytirish va xalqaro tajribani o‘rganish har bir inson, ayniqsa, yosh qizlar uchun juda muhimdir.

Tarix ko‘rsatadiki, ilmli ayollar jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. Masalan, Mariya Kyuri kimyo sohasida inqilobiy kashfiyotlar qilgan. Malala Yusufzay esa qizlarning ta’lim olish huquqi uchun kurashib, dunyo miqyosida o‘z so‘zini ayta olgan. Ularning barchasi ilm orqali jamiyatda o‘z o‘rnini topgan va butun dunyoga foyda keltirgan.

Ko‘plab mashhur shaxslar ham qizlarning xalqaro ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Masalan, sobiq AQSh prezidenti Barak Obama: “Qizlarning ta’lim olishi – jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni”, – deya ta’kidlagan. BMT sobiq Bosh kotibi Kofi Annan esa: “Agar siz ayolni o‘qitsangiz, butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lasiz”, – deb aytgan. Bu fikrlar noto‘g‘ri qarashlardan voz kechish zarurligini ko‘rsatadi.

Qanotimizni qayirmang – imkon bering!

Qizlarga xalqaro ta’lim olish imkoniyatini yaratish — ularning kelajagini porloq qilish, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish demakdir. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xalqaro ta’lim olgan ayollar jamiyatning yetakchi kuchiga aylanishi mumkin. Shuning uchun ‘yurtidan uzoqda o‘qisa, yomon yo‘lga kiradi’ degan fikrdan voz kechib, qizlarga ishonch bildirishimiz zarur.

Biz baralla aytamiz: qizlarga imkon bering, qanotini qayirmang! Ular yuksak marralarni zabt etishga, jamiyatni rivojlantirishga va yurtimizni yanada ulug‘vor qilishga qodir!

Xulosa

Qizlarning xalqaro ta’lim olishi nafaqat ularning o‘zlari uchun, balki butun jamiyat uchun katta ahamiyatga ega. Tarixiy misollar, mashhur insonlar fikrlari va zamonaviy tajriba shuni ko‘rsatadiki, ta’lim olgan ayollar har qanday jamiyat uchun bebaho boylikdir. Keling, bu borada birlashaylik va qizlarga ilm olish imkoniyatini beraylik!

Foydalanilgan manbalar

1. Obama, B. (2016). “Qizlarning ta’limi va jamiyat taraqqiyoti”. Global Education Summit nutqi.2. Annan, K. (2003). “Ayollar ta’limi va jamiyat rivoji”. BMT hisobotlari.3. Malala Yusufzay, ‘I Am Malala’ (2013).4. Tarixiy manbalar va ilm-fan rivoji haqida turli maqolalar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan