Surxondaryo viloyatining tog‘li Boysun tumani ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitiga ko‘ra 4 toifadagi hududlar tarkibiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu hududda 2000 dan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.
Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Erkin Narmanov Boysun tumanida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashib, sohaga oid so‘nggi o‘zgarishlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilayotgan soliq imtiyozlari to‘g‘risida suhbatlashdi.
Bevosita muloqotda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda o‘zini-o‘zi band qilgan 155 nafar, jumladan Boysun tumanidagi 11 nafar fuqarolar tadbirkorlik salohiyatini namoyon etib yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi, bunda berilayotgan soliq imtiyozlari muhim o‘rin tutayotganligi alohida qayd etildi.
Ta’kidlash joizki 2024-yilda Boysun tumanida faoliyat yuritayotgan 521 ta tadbirkorlik subyekti 40 mlrd 369 mln so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlarning soliq hisobotlarini topshirish, soliq imtiyozlaridan foydalanish, ma’muriy jarimalarni qo‘llash va kadastr hujjatlari bo‘lmagan yer maydonlariga soliq hisoblash to‘g‘risidagi murojaatlari tinglanib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.