Angor tumanida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i E.Narmanov, viloyat prokurori B.Babadjanov, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh. Zokirov hamda tuman hokimi Q.Mardonov ishtirokida kichik va o‘rta biznes vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Dastlab, soliq sohasidagi so‘nggi yangiliklar, xususan Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imkoniyatlar hamda Soliq kodeksining ayrim moddalariga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Jumladan 2025 yil 1 maydan o‘z faoliyatini o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik subyektlariga – 1 yil davomida QQS summasi o‘rnini qoplash tezlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi, 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik tadbirkorlik subyektlari birinchi faoliyat yili davomida ilk bor sodir etgan savdo va tadbirkorlik sohalariga oid ma’muriy huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi tushuntirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Angor tumanida faoliyat yuritayotgan 20 dan ortiq tadbirkorlar o‘z biznes toifasini yiriklashtirdi. 10 ga yaqin bo‘sh turgan obyektlar ishga tushirilib, turli muammo va qiyinchiliklar sabab vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan 179 nafar tadbirkorlik subyektlarining faoliyati qayta tiklandi.

Tadbir davomida xususiy sektor vakillarining suv solig‘i, mol-mulk va yer solig‘i, soliq hisobotlarini topshirish va imtiyozlardan foydalanish to‘g‘risidagi murojaatlari tinglanib, ayrimlari joyida hal etildi. Biroz vaqt va o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.
Yakunda ishtirokchilarga soliqlarning mamlakat rivoji va xalq farovonligini ta’minlashdagi muhim o‘rni va soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishning muhim ahamiyati yana bir bor eslatib o‘tildi.