Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

30 iyul — Butun jahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Afsuski, dunyo boʻylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʻibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar,…

30 iyul — Butun jahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Afsuski, dunyo boʻylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʻibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki boʻlayotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli maʼlumotga ega emasligidir. Achinarlisi, oʻzga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar moʻmay daromad ilinjida ogʻir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.BMT maʼlumotiga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayolllar va bolalardir. Har yili dunyo boʻyicha 600–800 ming nafar ayolllar va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olishni anglatadi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi  etib qayta tashkil qilindi.

Milliy komissiyaning sohadagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini taʼminlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

milliy qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qoʻyish amaliyotini oʻrganish;

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yigʻish, tahlil qilish va maʼruzalar tayyorlash.

Aytish lozimki, bugungi kunga kelib odam savdosining avj olishiga, yaʼni insonni qandaydir bir buyum sifatida, taʼbir joiz boʻlsa insonni oldi-sotdining obʼekti sifatida foydalanilishi, ularning huquq va erkinliklarining poymol etilishiga nimalar sabab boʻlmoqda?

— odam savdosi kabi noqonuniy faoliyat turi  bir yoki bir necha aʼzolardan iborat guruhlarning serdaromad manbasiga aylanib borayotgani, yaʼni ularning hech qanday ogʻir va mashaqqatli mehnatlarsiz moʻmay daromad olishga urinayotganligi;

— odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning soddaligi, oʻzining, yaqinlarining taqdiriga va kelajagiga befarqligi, loqaydligida. Yaʼni eng oliy neʼmat hisoblanmish erkin hayot tushunchasiga nisbatan yengil va beparvolik bilan qarashlari oqibatida ushbu odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchilarning oʻljasiga, aniqrogʻi ularning oson daromad manbaiga aylanib qolmoqdalar;

— odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchi shaxslar oʻzlarining tanishlari, yaqin qarindoshlariga nisbatan, yaʼni ularning ishonchiga kirib olib, ularning odam savdosini qurboniga aylanib qolishiga sababchi boʻlayotganligida;

— odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning or-nomus qilib, koʻrgan xoʻrliklari, ularga nisbatan ishlatilgan turli xildagi jismoniy yoki ruxiy tazyiqlar haqida yohud oʻzining noqonuniy ravishda chegarani buzib chiqib, chet davlatda hech qanday davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganligidan qoʻrqib bular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmasligi.

2020 yil 17 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi tahrirdagi «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi» qonun imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2008 yil 29 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni maʼqullanib, amaldagi Jinoyat kodeksi 135-moddasining yangi tahriri qabul qilindi. Jinoyat kodeksi 135-moddasining avvalgi tahririda faqatgina odamlardan foydalanish uchun ularni yollash uchun javobgarlik belgilangan boʻlib, xalqaro huquqiy hujjatlarda belgilangan odam savdosi bilan bogʻliq jinoiy qilmishlarning barchasini kompleks tarzda qamrab olmas edi. Shu sababli, u shaxsning huquq va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini toʻliq muhofaza qilishga imkon bermas edi. 2019 yilda odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan 22 foizga kamaygan, biroq chaqaloqlar savdosi 38 foizdan 43 foizga oshgan. Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva mazkur jinoyatlarga oid boshqa maʼlumotlarni keltirib oʻtgan. Qayd etilishicha, 2019 yilda Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 5 tadan, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida 4 tadan, Samarqand, Fargʻona, Namangan, Andijon, Navoiy viloyatlarida 3 tadan chaqaloq savdosiga oid jinoyat sodir etilgan. Mazkur yoʻnalishdagi jinoyatlar 72 kishi tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, ularning 62 nafari (86 foizi) – ayollar tomonidan sodir etilgan. Bu jinoyat boshqa jinoyatlar bilan birgalikda sodir etilganda, jinoyatlar jami tariqasida kvalifikatsiya qilinadi. Mazkur qilmishlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori ekanligi, jamiyat aʼzolarining sogʻligʻi, hayoti va boshqa huquqlariga tajovuz qilinishi, ayniqsa yoshlarning axloqiga salbiy taʼsir koʻrsatishi eʼtiborga olinib, jazochoralarihamkuchaytirildi.Qayd etish lozimki Respublikamizda fuqarolarning xorijda mehnat qilishini tashkil etishga doir huquqiy asoslar yaratilgan boʻlib, ulardagi asosiy talablardan biri – bu xorijga yuborilishi koʻzda tutilayotgan fuqarolarning muayyan davlat hududida ijtimoiy himoyasining taʼminlanishi, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sugʻurtaning mavjudligidir.

Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonunga koʻra, odam savdosidan jabrlanganlarga zarur yordam koʻrsatish hamda ularni himoya qilish, shuningdek ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida identifikatsiya qilinadi.Shuningdek, qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini taʼminlash tartibi belgilanib, ular, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish davrida moddiy yordam koʻrsatishni;vaqtinchalik uy-joy, oziq-ovqat, sanitari-gigiyena vositalari bilan, zarur hollarda esa kiyim-bosh, poyabzal va boshqa zarur ashyolar bilan taʼminlashni;ishga joylashishda, taʼlim olishda, kasbiy jihatdan yoʻnaltirishda va kasbga tayyorlash hamda qayta tayyorlashda yordam koʻrsatishni;ijtimoiy jihatdan qayta integratsiyaga, shu jumladan qarindoshlarni izlashida yordam koʻrsatishni. Shu bilan birga, odam savdosidan jabrlanganlar toʻgʻrisidagi hamda ularga nisbatan sodir etilgan holatlar haqidagi axborot, shuningdek koʻrilgan xavfsizlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor etilmasligi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan barcha islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad – inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida eʼzozlashdir.Shunday ekan, transmilliy xususiyat kasb etgan, yaʼni hudud va chegara tanlamas jirkanch illat – odam savdosiga qarshi keskin kurash olib borish barchamizning muhim vazifamizdir.

Xulosa oʻrnida shuni alohida qayd etib oʻtish kerakki, odam savdosiga qarshi kurash borasida aholining turli qatlamlari, ayniqsa, ayollar va voyaga yetmagan shaxslarga odam savdosi kabi illatning farovon turmush-hayotimizga soladigan xavfi va salbiy oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borish, yaʼni, aholining gavjum joylarida, mahallalarda, turli xil taʼlim muassasalarida, davlat idoralari, korxona, muassasa, tashkilotlarda targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish, keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish asosiy vazifalardan biridir.

Odil Normahmatov, Surxondaryo viloyat sudi raisining oʻrinbosari

 Kamoliddin Xidirov, jinoyat ishlari boʻyicha Angor tuman sudi raisi

Mavzuga oid