ADIBning «Xandon pista»lari
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning hayot va ijod yoʻlini oʻylasam, qalbim entikib ketadi. Bunday ulkan va ogʻir sinovlarga dosh bergan taqdir oʻzbek adabiyoti sahifalarida kamdan-kam uchraydi. Yurtimizda istiqlol…
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning hayot va ijod yoʻlini oʻylasam, qalbim entikib ketadi. Bunday ulkan va ogʻir sinovlarga dosh bergan taqdir oʻzbek adabiyoti sahifalarida kamdan-kam uchraydi.
Yurtimizda istiqlol qoʻlga kiritilganda sevimli adibimiz 71 yoshda edi.
Said Ahmad qatagʻon davrining ikkinchi toʻlqiniga duchor boʻlgan, qamoq azoblarini tortgan ijodkor edi. Xalqimiz bu haqda yaxshi biladi, negaki koʻp yozilgan. U “aksilshoʻroviy millatchilar guruhi aʼzosi, zararli gʻoyalar targʻibotchisi” sifatida 25 yilga hukm qilinadi, Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyati Jezqazgʻan lagerida boʻladi. Uning “Qorakoʻz majnun” hikoyalar toʻplami bu haqdagi achchiq haqiqatni roʻy-rost ifodalaydi. “Borsa kelmas” lagerida 4 yil azob chekkan, hayotning turli sinovlarini boshdan kechirgan adib “Xalqlar dohiysi”ning oʻlimidan soʻng, “aybi” yumshatilib, turmadan ozod etiladi.
Said Ahmad dastlab “Mushtum” jurnalida, keyinchalik Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida, soʻng “Sharq yulduzi” jurnalida ishlagan edi. Uning birinchi hikoyalar toʻplami “Tortiq” 1940 yilda nashr etilgan.
Shu-shu oʻzbek adabiyoti ostonasida isteʼdodli yosh yozuvchi koʻrinayotgani adabiyot ahliga maʼlum boʻladi. Said Ahmadning oʻsmirlik-yoshlik chogʻlari Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri keldi. Bu adibning ijodiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Adib “Xazina”, “Hayqiriq”, “Rahmat, azizlarim” kabi hikoyalarida Ikkinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini roʻyi-rost tasvirlaydi.
Said Ahmad hikoyalarida tasvirlashi lozim boʻlgan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqaradi, voqealarni taʼsirchanlik bilan ifodalaydi, badiiy tasvirning xilma-xilligiga erishishga intiladi. “Choʻl burguti”, “Oʻrik domla”, “Lochin”, “Odam va boʻri”, “Boʻston”, “Toʻyboshi” kabi qator asarlari adib ijodida ham, oʻzbek nasrida ham yangilik boʻldi.
“Said Ahmadning “Kulgining kashf etilmagan maʼnolari koʻp… kulgining bu xildagi hali ochilmagan sirlari, sehrli jilolari behisob” degan gaplari bejiz emas. Said Ahmad Abdulla Qahhordan keyingi oʻzbek adabiyotida mohir hikoyanavis, oʻtkir hajvchi, xalqimiz sevib oʻqiydigan koʻplab asarlar muallifidir. Yozuvchi ijodining oʻziga xosligini bu kulgilarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Kulgi adibning bosh quroli hisoblanadi. Said Ahmad yaratgan obrazlarning betakrorligi kulgi orqali yanada jozibali, yorqinroq koʻrinadi”, deb yozgandi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov.
Said Ahmad shunday degandi: “Avvalo, hajvchi xalq tilini, shu tilning butun ranglariyu ohanglarini boshqalardan koʻra nozik his qiladigan va uni juda chiroyli qilib, odamlar chehrasiga tabassum purkaydigan qilib aytib bera oladigan mahorat egasi boʻlmogʻi kerak. Kulish oson, kuldirish qiyin. Kulgisiz hayot gʻoyatda zerikarli boʻlishini, kulgining kundalik hayotimizda juda muhim rol oʻynashini hammamiz bilamiz-ku”.
Said Ahmad ijodining bu koʻrkam tomonlari, ayniqsa, uning “Kelinlar qoʻzgʻoloni” va “Kuyov” komediyalarida namoyon boʻldi. “Kelinlar qoʻzgʻoloni” komediyasi yarim dunyoni aylanib chiqqani haqiqat. U shunchalik shuhrat topdiki, odamlar orasida ushbu komediya haqida hatto latifalar paydo boʻldi. Goʻyo “Kelinlar qoʻzgʻoloni”ni tomosha qilib turgan yosh homilador kelinchak tomosha zalida tugʻib qoʻygan emish.
“Olti yillik taqiqlardan soʻng 1979 yilda “Yulduzli tunlar” romanim “Sharq yulduzi” jurnalida bosilib chiqdi. Shuning quvonchi bilan yashayotgan kunlarimning birida Said Ahmad akadan mashinkada yozilgan qisqagina tabrik xati oldim. Men eʼzozlab, koʻzimga surtib oʻqigan bu maktubda Said Ahmad aka Bobur haqidagi romanimni jurnalda umr yoʻldoshlari Saida Zunnunova bilan birga koʻp joylarini ovoz chiqarib oʻqiganlari haqida yozgan edi. Shunday katta adib, “Ufq” romanining birinchi kitobi haqida Abdulla Qahhorday buyuk ustozning ajoyib maqolasi gazetada bosilgan, teatr sahnasidan “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektakli zoʻr muvaffaqiyat bilan koʻrsatilayotgan kezlarda menga yana shunday iliq xat yozishga vaqt topganlari katta oliyjanoblik edi”, deb yozgandi Pirimqul Qodirov.
Istiqlol quyoshidan yuragi nurlangan adib quvnoq, joʻshqin hajviyalar, dilbar lirik hikoyalar yaratdi. “Xandon pista”, “Bir oʻpichning bahosi” va “Yoʻqotganlarim va topganlarim” kabi kitoblari, yangi “Saylanma” asarlari chop etildi. Ayniqsa “Yoʻqotganlarim va topganlarim” esse-xotiralar kitobi oʻzbek adabiyoti tarixida noyob asar boʻldi.
Agar adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, Said Ahmaddek koʻngli keng va saxiy ijodkorlar barmoq bilan sanarli. U zot chinakamiga jon-tan bilan “Majolis un-nafois” edi. “Yoʻqotganlarim va topganlarim”ni varaqlasangiz, fikrimizga shubhasiz qoʻshilasiz. Unda 16 nafar yozuvchi va shoirning hayoti haqida gʻoyat teran va tesha tegmagan xotiralar berilgan. Mazkur xotiralar kitobi haqida oʻylarkansiz xayolingizga adabiyotshunos olim Umarali Normatovning quyidagi fikrlari keladi: “Yoʻqotganlarim va topganlarim” kabi kitobni faqat Said Ahmadgina yozishi mumkin edi. Bu kitob adabiyotimizning mashʼum totalitar rejim zamonlari bosib oʻtgan mashaqqatli va ziddiyatli yoʻli, adiblarimiz qanday ogʻir sharoit va vaziyatlarda yashab ijod etgani, oʻshanday zamonlarda ham asl insoniy fazilatlarini saqlab qolgani, noyob badiiy durdonalar yaratishga erishgani toʻgʻrisida haqqoniy tasavvur beradi”.
Kitob ustoz, akademik shoir Gʻafur Gʻulom haqidagi “Nazm chorrahasidan reportaj” umumiy sarlavhali xotiralar bilan boshlanadi. Unda har biri adabiyotimiz tarixida voqea boʻlgan “Yigitlar”, “Vaqt”, “Baxt tongotari”, “Xotin”, “Siyohdon”, “Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim” sheʼrlarining tugʻilishi va yozilish tarixi va hatto yozilish jarayonlari voqealari haqqoniy yoritilgan.
Kitobning 91 sahifasidan “Elkasini haqiqat silagan ijodkor” deb nomlangan xotiralar boshlanadi. 56 sahifadan iborat bu xotira esselar Said Ahmadning sevimli ustozi Abdulla Qahhorga bagʻishlangan. Ularni oʻqirkansiz koʻz oldingizda oʻta haqiqatgoʻy, adabiyotning kuchi atomdan zoʻrligini amalda ulugʻlagan badiiy soʻz ustasini koʻrasiz.
Ilk hikoyasi “Tortiq” bilan adabiyotga kirib kelgan Said Ahmad ulugʻ yozuvchi Abdulla Qahhordan “tarsaki” yegan iqtidor egasi edi. Shunday boʻlsada u Abdulla Qahhorning har bir soʻzi, har bir satri moʻʼtabar darslik boʻlganini mehr bilan qayta-qayta taʼkidlaydi.
Ayniqsa, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Ufq” roman-trilogiyasi oʻtgan asr oʻzbek adabiyotining sara asarlaridan biri hisoblanadi. Soʻzda xassos, atoqli adib Abdulla Qahhor “Ufq” haqida shunday degan edi: “Yaxshi yozuvchilarimizdan Said Ahmadning “Ufq” kitobi tengqurlari orasida yarqirab turibdi. Bu kitobni kitobxon boshdan-oyoq shavq bilan, hech qayerda turtinmasdan, diqqati susaymasdan, ishtahasi boʻgʻilmasdan oʻqib chiqadi”.
Darhaqiqat, “Qirq besh kun”, “Hijron kunlarida”, “Ufq boʻsagʻasida” nomli uch kitobdan iborat ushbu romanni oʻqir ekansiz, beixtiyor asardan bosh koʻtarolmay qolasiz. Fikrlar sodda, xalqoniyligi bilan mutolaa jarayonida oʻquvchiga katta estetik zavq va huzur ulashadi.
Albatta, asardagi voqealar xuddi bitta ipga bogʻlangandek rivojlanib boradi. Bunga sabab oʻtgan asrning qirgʻinbarot urushi va insoniyatga keltirgan ofati tasvirlanganida koʻrinadi. Ammo “Ufq” asarini faqatgina urush haqida yozilgan deb boʻlmaydi, unda qahramonlarning hayotga munosabati, yashash tarzi, eng muhimi, inson taqdiri yoritilmaganda adabiy jarayonda bu qadar katta mavqega ega boʻlmasdi.
Shuningdek, “Ufq” asari asosida poytaxt va viloyat teatrlarida bir necha bor spektakllar sahnalashtirilgan va uzluksiz namoyish etilgan. Shu maʼnoda, milliy romanchiligimizga asos solgan Abdulla Qodiriy asarlaridan soʻng, oʻzbek teatri sahnalarida eng koʻp namoyish etilgan asar — “Ufq” hisoblanadi.
Albatta, bu oddiy xol emas, balki asar qahramonlarining taqdiri dramatizmga boyligi, voqealarning xalqchilligi, syujetning ziddiyatlar iskanjasiga qurilganligi tomoshabinni oʻziga jalb etadi. Va ishonch bilan aytish mumkinki, “Ufq” roman-trilogiyasi hozirgi kunda ham oʻz mavqeini yoʻqotgani yoʻq.
Adib “Yoʻqotganlarim va topganlarim”dagi bitiklaridagi “Dilbar shoir edi” sarlavhali esse otashin shoir Maqsud Shayxzodaga bagʻishlangan. Unda gʻoyat qiziqarli voqealar faqat Said Ahmad qalamiga xos uslubda qalamga olinadi. Maqsud Shayxzoda — Ozarbayjon xalqining farzandi. U vaqtida bir arzimas voqea tufayli Toshkentga surgun qilinadi. Oʻzbekiston rahbari Usmon Yusupov “xalq dushmani ham, millatchi ham emas” deya Maqsud Shayxzodaning qamoqdan chiqishiga koʻmak beradi.
Oʻzbek adabiyotida shoir Mirtemir yorqin iz qoldirgan. Unga bagʻishlangan bobda aytilishicha, u ustozi Oybekka oʻxshab koʻp ishonuvchan, sodda kishi boʻlgan. Uni chuv tushirish juda oson edi. Soddalik sabab baʼzi kimsalarning gʻaliz ishlariga aralashib qolib, Mirtemir domla qamaladi. “Moskva – Volga” kanali qurilishida Beriya qamchisi ostida mashaqqatli mehnat taʼmini totadi. Qamoqdan qaytgach ham aytarli yorugʻlik koʻrmaydi.
Shuningdek, oʻzbek adabiyotining nodir sahifalariga nazar tashlar ekansiz, otashin shoira Zulfiya 35 yoshida sevgan yori, turmush oʻrtogʻidan judo boʻlib, Hamid Olimjon ishqida oʻtli misralar bitdi. Ulkan qalb sohibasi, zukko olima Zarifaxonim Saidnosirova — nodir isteʼdod egasi Oybek bilan hamisha birga boʻldi. Yozuvchi tildan qolib, qoʻli qalam tutolmay qolgan paytlari umr yoʻldoshiga ham til, ham qalam boʻldi — pichirlab aytmoqchi boʻlgan fikrlarini qogʻozga tushirdi. Vafotidan keyin esa jasorat bilan “Mening Oybegim” deb nomlangan kitobini bitdi.
Said Ahmad nohaqdan qamalib ketgach, umr yoʻldoshi Saida Zunnunova toʻrt yil uni matonat bilan kutdi. Said Ahmad qamoqdalik davrida shoira Saida Zunnunovaning boshiga ham ogʻir koʻrguliklar tushdi. Ish berishmadi, yozgan sheʼr, hikoyalari ham “qatagʻon”ga uchradi.
Mazkur kitobdagi “Shoiraning feruza olami” xotiralarini mutolaa qilarkansiz, diydangiz bardosh berolmay beixtiyor koʻzingizga yosh keladi.
Ha, “Yoʻqotganlarim va topganlarim” juda ajoyib, juda goʻzal kitob. Undagi Toshpoʻlat Hamid, Asqad Muxtor, Turob Toʻla, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Neʼmat Aminov, Maqsud Qoriyev kabi shoir va yozuvchilar haqidagi esse va ocherklar ham faqat Said Ahmadona iqtidor bilan yozilgan.
Aytgancha, Said Ahmad “Xanka va Tanka”, “Lampa shisha” kabi oʻnlab hajviy asarlari bilan oʻzbek radio va televideniyesidagi miniatyuralar teatriga ham asos solgan, desak xato boʻlmaydi.
Adib bugun hayot boʻlganida 100 yoshga toʻlgan boʻlar edi. Lekin oʻlmas asarlari bilan xalq mehrini qozona olgan Said Ahmad barhayot — u odamlar qalbida, yodida yashamoqda. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan el ardogʻidagi adiblarga koʻrsatilayotgan hurmat-ehtirom maʼnaviyatimizga berilayotgan yuksak eʼtibordir. Adiblar xiyobonida qad rostlagan siymolar ichida Said Ahmad va Saida Zunnunovaning haykali alohida ajralib turibdi. Goʻyo ularning ziyosi shu maskandan ham taralayotgandek.
Toshtemir TURDIYeV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.