Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Aliment undirish haqida sudga murojaat qilish tartibi qanday?

Sogʻlom avlod jamiyat poydevori, agar farzandlarimiz bekamu-koʻst, hech narsaga muhtoj boʻlmasdan voyaga yetishsa, jamiyat koriga yarashadi. Shu sababli amaldagi qonunchilikda bolalarga gʻamxoʻrlik qilish ota-onalar zimmasidagi asosiy…

Sogʻlom avlod jamiyat poydevori, agar farzandlarimiz bekamu-koʻst, hech narsaga muhtoj boʻlmasdan voyaga yetishsa, jamiyat koriga yarashadi. Shu sababli amaldagi qonunchilikda bolalarga gʻamxoʻrlik qilish ota-onalar zimmasidagi asosiy vazifa sifatida belgilab qoʻyilgan. Xususan, asosiy Qomusimizning 64-moddasida ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash uchun majburligi belgilab qoʻyilgan. Bolalar sogʻlom va barkamol avlod sifatida voyaga yetishida ota-onalar maʼsul va ular oʻzlarining voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarini ijtimoiy taʼminlashga majbur boʻlib, ushbu majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan aliment sudning hal qiluv qarori va sud buyrugʻi chiqarish orqali undiriladi. Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar taʼminoti uchun aliment undirish haqida sudga bolaning ota yoki onasi, vasiylik va homiylik organlari, vasiy yoki homiy shaxs, bolalar tarbiya muassasasalari maʼmuriyati hamda prokuror murojaat qilishi mumkin. Bunday murojaatlar sud buyrugʻi berish toʻgʻrisida ariza koʻrinishida yoki daʼvo ishlarini yuritish tartibida beriladi. Hatto ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ham ota-onani oʻz bolasiga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilmaydi, agarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishida bolaga aliment undirish masalasi hal qilinmagan boʻlsa, aliment undirish yuzasidan vakolatli shaxs daʼvo ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Amaldagi qonunchilik boʻyicha aliment undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarish toʻgʻrisidagi ariza yoki daʼvo ariza bolalarning qonun bilan qoʻriqlangan manfaatlari ustunligini hisobga olib, javobgar yashaydigan joy boʻyicha ham yoki arizachi yoki daʼvogar yashab turgan joy boʻyicha ham taqdim etilishi mumkinligi shu bilan birga aliment undirish masalasida sudga murojaat qilganlik uchun davlat bojidan ozod qilish masalasi ham belgilab qoʻyilgan.

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Dj.Babatov

Mavzuga oid