Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Bankrotlikka oid ishlarni koʻrishning oʻziga xos xususiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish, sud boshqaruvchilari faoliyatini takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4146-sonli qaroriga muvofiq 2019…

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish, sud boshqaruvchilari faoliyatini takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4146-sonli qaroriga muvofiq 2019 yilning 1 iyulidan:
davlat soliq xizmati organlari soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish imkoniyati boʻlmaganligi sababli ijro hujjatlari qaytarilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmasdan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud boʻlgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar summasi bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch yuz karrasini tashkil etadigan boʻlsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa bazaviy hisoblash miqdorining kamida yigirma karrasini tashkil etadigan boʻlsa, sud tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin;
tugatishga doir ish yuritish muddati toʻqqiz oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda ushbu muddat bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosnomasiga asosan sud qarori bilan uch oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin;
benefitsiar va affillangan shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlari aniqlanganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mazkur shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiar javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi;
bankrotlik taomillari qoʻllanilgan qarzdorlarning mol-mulki sud boshqaruvchilari tomonidan «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auktsion orqali sotiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2003 yil 24 apreldagi 474-II-sonli “Bankrotlik toʻgʻrisida” gi Qonuni (yangi taxriri)ga asosan bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) – iqtisodiy sud tomonidan eʼtirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini toʻla hajmda qondirishga va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha oʻz majburiyatini toʻla hajmda bajarishga qodir emasligidir, ushbu qonunga asosan sud boshqaruvchisi (muvaqqat boshqaruvchi, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi, tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi) bankrotlik taomillarini oʻtkazish maqsadida iqtisodiy sud tomonidan tayinlanadigan shaxs hisoblanadi, bankrotlik toʻgʻrisidagi ish iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
2019 yil 1 maydan davlat soliq xizmati organlarining arizalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini oʻtkazishda sud boshqaruvchilarini davlat soliq xizmati organlari xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti bekor qilindi.
Davlat soliq xizmati organlarining arizalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini oʻtkazishda toʻrtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega boʻlgan va Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi aʼzolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadigan, qarzdor turgan joydagi tuman (shahar) soliq inspektsiyasining qaroriga asosan, har bir yakunlangan tugatishga doir ish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan sud boshqaruvchilariga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni uzishda toʻlangan qarz summasining 5 foizi miqdorida sud boshqaruvchilariga qoʻshimcha haq toʻlanadigan boʻldi.
Sud boshqaruvchilarining faoliyati «fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish» ixtisoslashuvi boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi.
Sud boshqaruvchilarini tayinlash kreditor yoki bankrotlik ishlari boʻyicha vakolatli davlat organi yoxud Assotsiatsiya va uning hududiy tuzilmalari taqdimnomasi boʻyicha sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan amalga oshiriladigan boʻldi.
Mazkur farmon asosida soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirganlik va qasddan bankrotlikka olib kelganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, 2019 yil 13 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi «Bankrotlik toʻgʻrisida»gi qonuniga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi tugatishga doir ish yuritishning boshlanishiga sabab boʻladi.
Tugatishga doir ish yuritish muddati toʻqqiz oydan oshishi mumkin emas. Zarurat boʻlganda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra yoki iqtisodiy sudning tashabbusi bilan bu muddat koʻpi bilan uch oyga uzaytirilishi mumkin.
Tugatishga doir ish yuritish muddatini uzaytirish uchun quyidagi holatlar asos boʻlishi mumkin:
iqtisodiy sud ishini yuritishda qarzdor yuridik shaxsning yoki uning kreditorlarining mulkiy manfaatiga daxl qiluvchi ishning mavjudligi;
qarzdor yuridik shaxsning realizatsiya qilinmagan mol-mulki mavjudligi;
soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish va qasddan bankrotlikka olib kelish, qarzdorning mansabdor shaxslari tomonidan qarzdor yuridik shaxsning va uning kreditorlarining manfaatlariga qarshi boshqa huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar sodir etilganligi alomatlari boʻyicha jinoyat ishining mavjudligi;
tugatish boshqaruvchisining tugatish taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotini tasdiqlash rad etilganligi toʻgʻrisidagi iqtisodiy sudning ajrimida koʻrsatilgan qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish zarur boʻlganda;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi tomonidan aniqlangan qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish zarur boʻlganda.
Iqtisodiy sudning tugatishga doir ish yuritish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Qayd etilgan qaror va yangi qabul qilingan qonun xujjati qarzdor yuridik shaxslarning kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajarish masʼuliyatini kuchaytirilishiga va iqtisodiyotimizning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Alimardonov Toʻra Shodmonovich

Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri
Qilichev Abduraim Yarashevich

Mavzuga oid