BILIM , MALAKA VA KOʻNIKMALAR OShIRILDI
Bugun qishloq xoʻjaligi tarmoqlarining malakali mutaxassislarga boʻlgan talabi kun sayin ortmoqda. Joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash…
Bugun qishloq xoʻjaligi tarmoqlarining malakali mutaxassislarga boʻlgan talabi kun sayin ortmoqda. Joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash kun tartibidagi asosiy masalalardan bir sanaladi. Ayniqsa, bu borada qishloq xoʻjaligida xususiy sektor bilan ishlashni keng jalb etgan holda bilim, malaka va koʻnikmalarning samarali almashinuvi hamda uzatilishini taʼminlaydigan milliy axborot va maslahat xizmatlari tarmogʻini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etayotir.
Shu maqsadda Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot institutida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida faoliyat yuritayotgan karantin inspektorlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Ushbu malaka oshirish kursida 200 dan ortiq tizim inspektorlariga «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida»gi Nizom talablari tushuntirildi.
Unda Oʻsimliklar karantini va himoyasi Agentligi direktori Ibrohim Kenjabayevich Ergashev ishtirok etib, tizimida faoliyat yuritayotgan inspektorlarga mavsumiy tadbirlarni olib borish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksportga yoʻnaltirish, qonunchilikdagi sohaga oid yangilik va oʻzgartishlar haqida maʼruza qildilar. Rahbarimiz bilan uchrashuv chogʻida inspektorlar ham oʻz fikr mulohazalari, joylarda amalga oshirayotgan ishlari, bu boradagi burch va vaazifalari haqida toʻxtalib oʻtishdi.
Oʻquv kursi davomida oʻsimliklar karantini obʼektlariga va boshqa turdagi zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini va qoidalarni buzganligi yuzasidan maʼmuriy ishlarni yuritish tartibi koʻrib chiqilayotganligi, qishloq xoʻjaligi maxsulotlari saqlash davrida (omborxonalarda) uchraydigan zararkunandalar va ularga qarshi kurash mavzulari oʻrganildi. Agentlikning mutlaqo yangi «Dala nazorati» hamda «Bashorat» elektron platformalarining taqdimoti barcha karantin inspektorlarning bilimlarini oshishiga xizmat qildi.
Bugungi kunda insonning oʻz kasbiy salohiyatiga toʻgʻri baho bera olishi juda muhim. Ushbu malaka oshirish taʼlimi keyingi mehnat faoliyatimiz uchun zarur qoʻllanma boʻldi, deya bemalol ayta olamiz. Zero, har bir xodim oʻz ustida ishlashi, bilimi oshirib borishi zarur. Ayniqsa, biz kabi soha mutaxassislariga «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida»gi Nizom boʻyicha keng qamrovli tushunchalar berildi. Taʼkidlandiki, profilaktika tadbiri nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subʼektlariga amaldagi qonunchilik hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni tushuntirish, ularning talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, shuningdek, tadbirkorlik subʼektining faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqqan holda unga soliq, bojxona va boshqa toʻlovlar yuzasidan berilgan imtiyozlar va preferentsiyalar haqida tushuntirishlar berish maqsadida oʻtkaziladi. Xulosa qilib aytganda bu yerda olgan bilimlarimizni yanada mustahkamlaymiz va amaliyotda qoʻllaymiz.
Abdulatif Mengliyev, Surxondaryo viloyat Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasining ichki fitosanitar nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi
Baxtiyor Toshboyev, Surxondaryo viloyat Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasining zararli organizmlarni prognozlashtirish va monitoring qilish boʻyicha bosh mutaxassisi