BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy Majlis Senatida boʻldi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun Oliy Majlis Senatida boʻldi. Oʻzbekistonning BMT va uning…
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun Oliy Majlis Senatida boʻldi.
Oʻzbekistonning BMT va uning institutlari bilan koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirish, global siyosat va mintaqaviy masalalar bugungi kunning muhim mavzularidandir.
Uchrashuv davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bilan bogʻliq, jumladan, gender tengligini taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi. Soʻnggi yillarda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularga teng imkoniyatlar yaratish borasida Oʻzbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda BMTning tavsiyalari ham muhim oʻrin tutayotgani alohida taʼkidlandi.
Xususan, parlamentlararo munosabatlar koʻlami, gender tenglik, ayollarning taʼlim olish huquqlari, global iqlim oʻzgarishlari sharoitida amalga oshirish lozim boʻlgan vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, suhbat chogʻida Oʻzbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qoʻllab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. 2017 yildan buyon mamlakatimiz tashabbusi bilan BMTning 10 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani hamda Oʻzbekiston BMT qoʻmitalari va boshqaruv organlari (Inson huquqlari boʻyicha kengash, EKOSOS, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqalar)ga aʼzo boʻlganiga eʼtibor qaratildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy majlis Senatidagi mazkur uchrashuvdan mamnun ekanini bildirib, ”Markaziy Osiyo tsivilizatsiya markazi hisobalanadi, Oʻzbekiston esa mintaqaning markazidir. Oʻzbekiston BMTning koʻplab sohalarida, xususan, BRMni amalga oshirishda yoʻlboshchi davlatlardan biri. Oʻzbekiston bilan BMT hamkorligi alohida oʻrin va ahamiyat kasb etadi. Men Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurganimda, mintaqa tarqoq va yakkalanib qolgan edi. Endi Prezident Shavkat Mirziyoyev tufayli mintaqa birlashdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oqilona siyosati tufayli Markaziy Osiyoning koʻplab muammoli masalalari hal etildi”, deya fikr bildirdi.
Ushbu tarixiy tashrif Oʻzbekiston va Birlashgan Millatlar tashkiloti oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.