Bobotog‘da aholi muammolari o‘rganildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Bobotog‘ hududiga tashrifini “Toltug‘ay” mahallasidagi 34-sonli maktabda davom ettirdi. Dastlab, mutasaddilar bilan hududni rivojlantirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish…
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Bobotog‘ hududiga tashrifini “Toltug‘ay” mahallasidagi 34-sonli maktabda davom ettirdi. Dastlab, mutasaddilar bilan hududni rivojlantirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha loyiha taqdimoti bilan tanishildi.
Loyihaga hududdagi 8 400 gektar maydonni foydalanishga kiritish, jumladan, 400 gektar sholi maydoni tashkil etish, 1 800 suvli maydonlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi va mas’ullarning axboroti tinglandi. Hududni oqova suv bilan ta’minlovchi 4 ta nasos stansiyalarini to‘liq quvvatda ishga tushirish uchun xalqaro grand mablag‘larini jalb qilish vazifalari topshirildi.
Shundan so‘ng, hududdagi beshta mahalla fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Aholini qiynab kelayotgan masalalar, xususan, elektr energiya va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bandlikni ta’minlash kabi murojaatlari tinglandi. O‘rmon xo‘jaligi yerlarini fuqarolarga ijaraga berish orqali ularning daromadini oshirish, bandligini ta’minlash hamda pista va kovrak ko‘chatlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, 34-sonli maktabda viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi hamda yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tashrif yakunida oxiriga yetkazilmagan ichimlik suvi loyihasi bilan bog‘liq muammoni mas’ullar bilan joyiga borib o‘rganildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga loyihani yakuniga yetkazilmaslik sababini o‘rganib, qonuniy chora ko‘rish hamda obyekt qurilishini sifatli yakunlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.