Dastlabki eshituv
Dastlabki eshituv sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda, taraflar ishtirokida oʻtkaziladi. Taraflarni sud majlisiga chaqirish toʻgʻrisidagi bildirish dastlabki eshituv oʻtkaziladigan kunga qadar kamida uch sutka oldin…
Dastlabki eshituv sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda, taraflar ishtirokida oʻtkaziladi. Taraflarni sud majlisiga chaqirish toʻgʻrisidagi bildirish dastlabki eshituv oʻtkaziladigan kunga qadar kamida uch sutka oldin yuborilgan boʻlishi kerak. Sud majlisida ayblanuvchi, uning himoyachisi va davlat ayblovchisi ishtirok etishi shart. Dastlabki eshituv ayblanuvchi yoʻqligida uning iltimosiga koʻra yoki basharti sud muhokamasini ushbu kodeksning 410-moddasini uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlsa, taraflardan birining iltimosiga koʻra oʻtkazilishi mumkin.
Oʻz vaqtida xabardor qilingan jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining sud majlisiga kelmaganligi dastlabki eshituvni oʻtkazish uchun monelik qilmaydi. Raislik qiluvchi dastlabki eshituv boʻyicha sud majlisini belgilangan vaqtda ochadi. Raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, kimlar davlat ayblovchisi, himoyachi, sud majlisining kotibi ekanligini eʼlon qiladi.
Raislik qiluvchi ayblanuvchining shaxsini aniqlaydi. Keyin raislik qiluvchi, agar jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishda ishtirok etayotgan boʻlsa, ayblanuvchining qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakilini shaxsini aniqlaydi.
Raislik qiluvchi sud majlisi ishtirokchilariga ularning sudyani, davlat ayblovchisini, sud majlisi kotibini va sud majlisining boshqa ishtirokchilarini rad qilish huquqlarini tushuntiradi. Bildirilgan rad qilishlarni sud ushbu kodeksning 80-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qiladi.
Raislik qiluvchi ayblanuvchidan, shuningdek, sud majlisiga chaqirilgan shaxslardan iltimoslari bor-yoʻqligini soʻraydi.
Dastlabki eshituvni oʻtkazish raislik qiluvchining maʼruzasi bilan boshlanadi, maʼruzadan keyin u sud majlisida hozir boʻlganlarni eshitadi. Soʻngra jinoyat ishiga doir materiallar tekshiriladi.
Agar bir taraf nomaqbul dalilni chiqarib tashlash toʻgʻrisida iltimosnoma bergan boʻlsa, sudya boshqa tarafdan unda mazkur iltimosnomaga qarshi eʼtirozi bor-yoʻqligini surishtiradi. Eʼtirozlar mavjud boʻlmagan va dalillarni nomaqbul deb eʼtirof etish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, sudya iltimosnomani qanoatlantiradi.
Taraflarning qoʻshimcha dalillarni talab qilib olish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari, agar ushbu dalillar ish uchun ahamiyatli boʻlsa, qanoatlantirilishi kerak. Shundan soʻng davlat ayblovchisining va himoyachining dastlabki eshituvda hal etilayotgan masalalar yuzasidan fikri eshitiladi. Davlat ayblovchisining va himoyachining fikrini eshitgach, raislik qiluvchi ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi, ushbu ajrim sud majlisida oʻqib eshittirilishi kerak.
Dastlabki eshituv natijalari boʻyicha sudya ushbu kodeksning tegishli moddasida nazarda tutilgan ajrimlardan birini chiqaradi.
Aytish joizki, Jinoyat protsessual kodeksga kiritilgan dastlabki eshituv tushunchasi sud-huquq sohasi islohotlari tufayli kiritilgan yangiliklardan biri hisoblanadi.
K.Nazarov,
Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayati sudsi