Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Diniy aqidaparastlik va terrorizim xavfi

Insoniyat yuksak orzu-umidlar bilan qadam qoʻygan XXI asr diniy ekstremizm, xalqaro terrorizmning xurujlari bilan boshlandi. Oʻtgan besh yil ichida jahonning deyarli barcha mintaqalari terroristik xurujlarni boshidan oʻtkazdi.…

Insoniyat yuksak orzu-umidlar bilan qadam qoʻygan XXI asr diniy ekstremizm, xalqaro terrorizmning xurujlari bilan boshlandi. Oʻtgan besh yil ichida jahonning deyarli barcha mintaqalari terroristik xurujlarni boshidan oʻtkazdi. Taassufki, terrorizm bilan bogʻliq jinoyatlarning katta qismi mohiyatan tinchlik va ezgulik dini boʻlgan islom dini bilan bogʻlab amalga oshirilmoqda.
Xoʻsh, diniy ekstremizm nima?
Diniy ekstremizm – baʼzi diniy tashkilotlar yoki ayrim dindorlarning jamiyat qonun-qoidalariga mos kelmaydigan mafkurasi va faoliyati.
Diniy ekstremizm koʻpchilik dinlarda mavjud boʻlib, uning tarafdorlari oʻz oldiga siyosiy maqsadlarni qoʻyadi. Islom ekstremizmining aqidasiga koʻra, birinchidan, goʻyo barcha hozirgi zamon musulmon jamoalari islomiy tuslarini yoʻqotganlar va «johiliya» asri jamiyatlariga aylanganlar. Bunday yondashuv hukumat va uning olib borayotgan siyosatini keskin tanqid qilish uchun «asos» boʻlib xizmat qiladi.
Ikkinchidan, goʻyo faqat «haqiqiy» musulmonlar hokimiyatga kelgach, barpo boʻlajak «islomiy tartib»ni oʻrnatish uchun keskin va agressiv harakat qilmoqlari lozim. Bunday harakatning konunga muvofiqligi masalasi ular tomonidan umuman oʻrtaga qoʻyilmaydi, zero, ular fakat shariatga (bu ham ularning tor talqinida) tayanib ish koʻradilar va oʻzlarini islomdan chekingan hokimni agʻdarishga guyo haqli deb biladilar. Islom ekstremizmining «nozik» tomoni uning «din»ga (haqiqiy dinga emas) asoslanganidadir. Guruh rahbarlari oʻz qoʻl ostidagi aʼzolarining ongiga shu darajada taʼsir oʻtkazadilarki, ular hatto oʻzlarini qurbon qilishga, muayyan maqsad yoʻlida «shahid» yoki «kamikadze» boʻlishga tayyor turadilar. «Musulmon-birodarlar» harakati (Misr, 1928) dan yetishib chiqqan Sayyid Qutb (1906-65) hoz. zamon islom ekstremizmining gʻoyaviy asoschisi sifatida tan olingan. Uning «nazariya»siga koʻra, oʻzini musulmon deb hisoblovchilarning koʻpchiligi aslida musulmon emas va umuman, barcha davlatlar islomga qarshidirlar. Demak, maqsad – islom davlatini barpo qilish va jamiyatni toʻligʻicha islomlashtirishdir.
Diniy ekstremizm yoki ashaddiy akidaparastlik turli koʻrinishlarda namoyon boʻlishi mumkin. Masalan, Olsterdagi «ultra» protestantlar, Yaqin va Oʻrta Sharqdagi «musulmon-birodarlar», Markaziy Osiyo va Kavkazda paydo boʻlgan vahhobiylar (q.Vahhobiylik) va b. Ular jamiyatga va qonunlarga deyarli bir uslubda qarshi kurash olib boradilar.
Ekstremistlar jamiyatda erksiz, mute, faoliyatsiz kishilar safini orttirish, «soxta» va «haqiqiy» dindorlik belgilari boʻyicha qarama-qarshilikni keltirib chiqarishni koʻzlaydilar. Ular oʻz maqsadlariga erishish uchun jangarilarni tayyorlashga ham harakat qildilar. Oʻzbekistonni Gʻarbga «islomlashtirilgan», Sharqqa esa, aksincha, «dinsiz», «daxriy» shaklda koʻrsatib, respublikaning xalqaro obroʻsiga putur yetkazish niyatida boʻldilar.
Bunday vaziyatda “oiladagi sogʻlom muhit – sogʻlom mafkurani shakllantirish manbaidir. Jamiyatda har bir oilaning mustahkamligi, farovonligini, oʻzaro hurmat va ahillikni taʼminlash – milliy mafkurada koʻzda tutilgan maqsadlarni oshirishda tayanch boʻladi”.
Diniy ekstremizm va aqidaparastlik mafkuralariga qarshi shaxs bilan oilani, mahallani birga bogʻlab turuvchi ijtimoiy-gʻoyaviy birlik bu – milliy istiqlol gʻoyasida yaqqol namoyon boʻldi. Bu – butun Oʻzbekiston xalqining birlashib, insonparvar, farovon demokratik jamiyat qurish va bu ishda har bir insonning munosib ishtirokini taʼminlash boʻyicha qilgan azmu-qarori ifodasidir.
Ayni vaqtda har xil oqim aʼzolari oʻzining buzgʻunchilik, diniy aqidaparastlik tarbiyasini har bir oilaga olib kirishga va bunda telefon apparati, internet tarmogʻidan ham foydalanishga harakat qilmoqda. «Hizb ut-tahrir» global islomiy harakat, u asosan islom dunyosida faoliyat olib boradi.
Oilada sogʻlom gʻoyaviy muhitni vujudga keltirishga hamda uni milliy gʻoya ruhida mustahkamlashga – milliy xavfsizlikka qaratish muhim strategik masaladir. Bu esa, oʻz navbatida, oʻzbek oilalariga azaldan xos boʻlgan oʻzaro ishonchni, maʼnaviy birlikni va nafaqat axloqiy balki, muhim gʻoyaviy fazilatlarning shakllanishida ham boy imkoniyatlar yaratadi.
Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlar, diniy eʼtiqod qayta tiklandi. Respublikada diniy konfessiya roʻyxatga olinib, rasman faoliyat koʻrsatmoqda. Koʻpgina diniy tashkilotlar ishlab turibdi va ularda Oʻzbekistonda yashovchi 130 millat va elat vakillari oʻzlarining diniy ehtiyojlarini qondirmoqdalar. Bir nechta masjidlar, xristian ibodatxonalari, sinagoglar va boshqa diniy markazlar taʼmirlandi va yangidan qurildi,
Biz yurtimizning xavfsizligi va tinchligini taʼminlash, Vatan qudratini oshirish, maʼrifiy dunyo xalqlari yashayotgan farovon hayot darajasiga erishishi uchun bugun Oʻzbekistonda davlatimiz rahbarlari boshchiligida oʻtkazilayotgan izchil siyosatni qoʻllab-quvvatlaymiz, xalqimizni bu yoʻlda yanada jipslashishiga, yurtimizga qoʻl koʻtargan razil kimsalarga keskin zarba berish uchun har doim tayyor turishga chaqiramiz.”
Yigirma birinchi asr boshidan jahon ommaviy axborot vositalarida diniy ekstremizm, diniy aqidaparastlik tushunchalari qizgʻin muhokama qilina boshlandi. Bu savolga javob asosli boʻlmogʻi uchun avvalo aqidaparastlik dinimizda qachon va qay shakllarda yuzaga kelganligini tahlil qilish lozim boʻladi? Maslahatchi uning zararli taʼsiridan mahalla, oilalarni qanday asramogʻi kerak?
Islom dinida eʼtirof etilmagan mazhablar, diniy, siyosiy partiya va oqimlar tutgan yoʻl diniy aqidaparastlik deb yuritiladi. Bunga sabab, ular oʻzlarining buzuq va botil aqidalarini (eʼtiqodlarini) amalga oshirish, roʻyobga chiqarish harakatida boʻlganliklari uchundir.
Shulardan biri – vahhobiylik diniy-siyosiy oqimi boʻlib, XVIII asrda markaziy Arabistonning Najd vohasida yuzaga keldi. Unga Najdlik Muhammad ibn Abdul–Vahhob boshchilik qilgan. Vahhobiylar bevosita din nomidan ish olib borgan va dinni “tozalash”, goʻyoki Paygʻambarimiz davridagi asl holatga qaytarish, barcha arablarni, yagona bayroq ostida birlashtirish kabi gʻoyalarni ilgar surgan. Aslida ular hokimiyatni egallab oʻz hukmlarini hayotga tadbiq etish uchun qatʼiy kurashadi, faqat bu niyatni amalga oshirish uchun dindan vosita sifatida foydalanishadi, xolos.
“Hizbut-tahrir al-islomiy” norasmiy siyosiylashgan diniy partiya 1953 yilda Isroilda paydo boʻldi. Uning asoschisi Misrdagi “Al-Azhar” universitetini tamomlab, Quddus shahrida yashagan shayx Taqiyiddin Nabhoniy (1909-1979) boʻlib, Iordaniyadagi “Al-ihvon ul Muslimun” (“Musulmon birodarlar”) diniy-siyosiy ekstremistik tashkiloti rahbarlaridan biri edi. U aqidada “birodarlar” bilan kelisha olmay, bu jamoadan ajralib chiqib, oʻz qarashlarini “Islom nizomi”, “Islom olamiga qaynoq nidolar”, “Hizb ut-tahrir tushunchalari” va boshqa risolalarda bayon qiladi.
Bulardan tashqari musulmonlar uchun yot boʻlgan qarashlarni yoshlarga oʻrgatib, ularni oʻz Vatanlariga qarshi gʻoyaviy qurollantirayotgan “Hizbulloh”, “Tabligʻchilar” jamoasi, “Akromiylar”, “Nur” chilar jamoasi, ”Tavba” kabi oqimlar mavjud.
Ularning gʻoyalari islom taʼlimotidan uzoq, demokratik-huquqiy davlatlar konstitutsiyalariga zid, kishilar eʼtiqodini demokratik oʻlkalardagi, xususan, yurtimizdagi vijdon erkinligini suisteʼmol etib, siyosiy hokimiyatga intilishdir. Bunday partiya va oqimlar siyosiy beqarorlik, iqtisodiy tanazzul, eng muhimi xunrezlik sababchilaridir. Ular targʻibot, taʼlim, tarbiya usullaridan oʻz gʻaraz maqsadlarida foydalanmoqdalar.
Aqidaparastlarning yoshlarni oʻz gʻoyalari ruhida tarbiyalashda ishlatayotgan – “dini islom yoʻlida ota-onadan ham voz kechib yuborish mumkin” degan gʻoyasi Paygʻambarimiz tomonidan aytilgan “Ota-onalarining har ikkisini yoki biri boʻlmaganda boshqasini rozi qilib jannati boʻlib olmagan farzand xor boʻlsin, xor boʻlsin va yana xor boʻlsin”, degan hadisga mutlaqo ziddir.
Bu oʻrinda gap oilada bolalarni yot gʻoyalardan himoya qilish uchun yaratilgan sharoit, ularni maʼnaviy-axloqiy jihatdan sogʻlom etib tarbiyalash haqida bormoqda. Qaysi oilada muhit sogʻlom boʻlmasa, oʻsha yerda axloqi buzuq, noqobil fuqarolar paydo boʻlishi xavfi orta boradi.
Bu masalalarni yechish uchun oilaning fuqarolar yigʻinlari diniy taʼlim va maʼnaviy-axloqiy tarbiya boʻyicha maslahatchisi bilan doimiy aloqasini yoʻlga qoʻyib oilada sogʻlom maʼnaviy-axloqiy muhit barpo etishda mahalla va xotin-qizlar tashkilotlarining rolini oshirish darkor.
Xulosa oʻrnida, har birimiz hushyor boʻlishimiz, yon-atrofimizda boʻlayotgan har qanday shubhali harakatlardan ogoh boʻlishimiz, yoshlarimizni telefon apparati va internet tarmogʻidan foydalanishlarini nazorat ostiga olishimiz, terrorizmga qarshi bir kuch boʻlib harakat qilishimiz lozim boʻladi.

Voxidjon Norbekov
Jinoyat ishlari boʻyicha Sariosiyo tuman sudining raisi

Asqar Qudratov
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV boʻyicha bosh konsultanti

Mavzuga oid