Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi
Eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportchilarni qoʻllab-quvvatlashga 800 milliard soʻm yoʻnaltirilmoqda. Lekin, Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda…
Eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportchilarni qoʻllab-quvvatlashga 800 milliard soʻm yoʻnaltirilmoqda.
Lekin, Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda bu mablagʻlardan samarali foydalanishini taʼminlay olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, eksport oldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har bir dollarga oʻrtacha 5 dollarlik eksport toʻgʻri kelayapti. Lekin, elektrotexnikada 2,5 dollar, qishloq xoʻjaligida va farmatsevtikada 3 dollarni tashkil qiladi.
Achinarlisi, ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam boʻlgan boʻlsa, baʼzilari kredit olib, umuman eksport qilmagan.
Shuningdek, oʻtgan yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 milliard soʻm mablagʻ berilgan 31 ta korxona eksport bilan shugʻullanmagan.
Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy koʻmakchi boʻlish oʻrniga davlatdan berilgan tayyor pulni yoʻnaltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgani tanqid qilindi.
Endilikda eksportni qoʻllab-quvvatlash tizimi oʻzgarishi belgilandi. Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Yangi tizimga muvofiq, Investitsiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi. Savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarga yangi bozorlar talablariga moslashishga koʻmaklashadi.
Kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi. 1 martdan ushbu tizimni joriy qilish topshirildi.