Endi koʻp qavatli uyda yashovchilar ayrim chiqindilarni sotib, daromad qilishlari mumkin boʻladi
Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi koʻp qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yigʻish maydonlarida “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari sotib olish yoʻli…
Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi koʻp qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yigʻish maydonlarida “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari sotib olish yoʻli bilan qabul qilinadi.
Bu haqda “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident farmonida belgilandi.
Unga koʻra, qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini boshqichma-bosqich tashkil etish uchun 2024—2026 yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi koʻp qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yigʻish maydonchalarida chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yigʻish tashkil etiladi.
2024 yil 1 iyulga qadar mazkur hududlarda xizmat koʻrsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalariga ajratgan holda toʻplashi uchun quyidagi turdagi maxsus (QR-kod — matritsali shtrix kodli) chiqindi paketlari bilan fuqarolar bepul taʼminlanadi:
qayta ishlanadigan maishiy chiqindilar uchun — shaffof, rangsiz;
qayta ishlanmaydigan maishiy chiqindilar uchun — qora rang;
oziq-ovqat chiqindilari uchun — jigarrang.
Qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yigʻish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinadi.
Koʻp qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yigʻish maydonlarida sotib olish yoʻli bilan qabul qilinadigan “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari:
plastik chiqindilarning barcha turlari;
qogʻoz chiqindilar, makulatura;
qora va rangli metall chiqindilari va lommlari;
ishlatilgan shisha mahsulotlari va chiqindilari;
toʻqimachilik materiallari chiqindilari;
rezina va rezinatexnika mahsulotlari chiqindilari.
Ushbu bandda nazarda tutilgan loyihaning amalga oshirilishi vazirlikning hududiy boʻlinmalari va hokimliklar tomonidan nazorat qilinadi hamda chiqindi yigʻish maydonlarini paketlar bilan taʼminlash uchun Ekologiya jamgʻarmasidan bosqichma-bosqich 30 milliard soʻmgacha boʻlgan mablagʻ ajratiladi.