Yer sohasidagi munosabatlar yanada takomillashtirilmoqda
Mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga yer uchastkalarini ijaraga olishda ijara…
Mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga yer uchastkalarini ijaraga olishda ijara munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlarini aniq belgilash, oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilashni huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga servitut toʻgʻrisidagi shartnomaga, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga, servitutni oʻzgartirish va uni bekor qilish, servitut uchun haq toʻlash, ommaviy servitutni belgilash qoidalariga doir qoʻshimchalar kiritildi.
Bundan tashqari ijara munosabatlarining obʼektiga boʻlgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) tartibi belgilanmoqda, yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning yerga boʻlgan mulk huquqini bekor qilish asoslari aniqlashtirildi.
Xususan, amaldagi qonun hujjatlarida ijaraga olingannoqishloq yerlarini qayta ijaraga berishning qonuniy asoslari mavjud emas edi.
Shunga koʻra, mazkur Qonunda noqishloq yerlarni boshqa shaxslarga ijara muddatidan oshmagan muddatga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkinligini nazarda tutuvchi qoidalar belgilandi. Shuningdek, yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut)ga doir qoidalar ham batafsil yoritib berildi.
Unga koʻra, servitut shartlari, haq toʻlash tartiblari, taraflarning huquq va majburiyatlari, binolar, inshootlarga servitut belgilash tartiblari aniq belgilab qoʻyildi hamda qonunchilikka ilk marotaba jamoat ehtiyojlari uchun davlat tomonidan servitut belgilash tartibi (ommaviy servitut yoki public servitude) tushunchasi kiritildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi quyidagi mazmundagi 305-moddasi bilan toʻldirildi, yaʼni jamoat ehtiyojlari uchun oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (ommaviy servitut)
Jamoat ehtiyojlari uchun oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (ommaviy servitut) quyidagi maqsadlar uchun belgilanishi mumkin:ushbu Kodeksning 25-moddasiga muvofiq oʻzganing yer uchastkasida geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini amalga oshirish;
oʻzganing yer uchastkasidan umumiy foydalanishdagi elektr uzatish tarmoqlari, aloqa liniyalari va boshqa liniyalar, truboprovodlar, ichki sugʻorish tarmoqlari, muhandislik tarmoqlari hamda boshqa tarmoqlar oʻtkazish va ulardan foydalanish. Ommaviy servitut manfaatdor tashkilotlarning murojaatlari asosida viloyat va Toshkent shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Ushbu moddada nazarda tutilganidan boshqa maqsadlarda, shuningdek, davlat mulki boʻlmagan bino, inshoot va koʻp yillik dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkalariga ommaviy servitut belgilash taqiqlanadi. Ommaviy servitut belgilash toʻgʻrisidagi qaror yer fondi toifasidan kelib chiqqan holda quyidagi tashkilotlar bilan majburiy tartibda kelishilishi kerak:
sugʻoriladigan yerlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligi bilan; oʻrmon fondi yerlarida — oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi vakolatli davlat organi bilan;
tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlarda va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarda — tegishli sohalardagi maxsus vakolatli davlat organlari bilan.
Ommaviy servitut belgilash haqidagi qarorda servitut toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilishi lozim boʻlgan barcha shartlar koʻrsatilishi kerak. Bunda ommaviy servitut shartlari taraflarning kelishuviga koʻra yoki ulardan birining talabiga koʻra sud tartibida oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Ommaviy servitut belgilash toʻgʻrisidagi qaror servitut belgilangan yer uchastkasida qurilish-montaj ishlarini boshlash, binolar va inshootlarni qayta qurish, rekonstruktsiya qilish huquqini bermaydi.
Ommaviy servitut ushbu Kodeksga muvofiq, shuningdek ommaviy servitut belgilash toʻgʻrisidagi qarorning amal qilish muddati tugaganda bekor qilinadi.
Mazkur Qonun ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga, infratuzilma loyihalarini amalga oshirishdagi toʻsiqlarni kamaytirishga, yer ijarasiga oid huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etishga, shu bilan birgalikda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi U.Tojiyev