Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi benzin ishlab chiqarishni ikki baravar oshirmoqda
Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi 11 dekabrdan boshlab AI-80 va AI-92 benzinlarining umumiy ishlab chiqarish hajmini kuniga 1000 tonnagacha oshiradi. Bu haqda FNQIZ matbuot xizmati xabar qildi. Maʼlum qilinishicha, avtomobil…
Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi 11 dekabrdan boshlab AI-80 va AI-92 benzinlarining umumiy ishlab chiqarish hajmini kuniga 1000 tonnagacha oshiradi. Bu haqda FNQIZ matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, avtomobil dvigatellari yuqori sifatli va sovuqqa chidamli yoqilgʻi talab qiladigan palla – qish mavsumida yoqilgʻiga tobora ortib borayotgan talabga javoban ana shunday strategik qaror qabul qildi. Benzin ishlab chiqarish hajmining oshirilishi yoqilgʻi bozorida barqaror taklifni taʼminlab, zavodga qish mavsumida isteʼmolchilar talabini samarali qondirish imkonini beradi.
“Saneg” kompaniyasi bosh direktorining neftni qayta ishlash boʻyicha oʻrinbosari Habib Latipov benzin ishlab chiqarish hajmining oshirilishi zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya doirasidagi yangi texnologik yechimlar samarasi boʻlib, aholini arzon yoqilgʻi bilan taʼminlashga qaratilganini alohida taʼkidladi.
“Bugungi kunda zavod texnologik jarayonlarning yangi bosqichiga chiqmoqda, uskunalarning optimal ish parametrlarini belgilamoqda. Benzin ishlab chiqarish hajmining oʻsishi ham erkin bozor narxini shakllantirishga xizmat qiladi”, – dedi Latipov.