Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Fargʻonada 1 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan oʻgʻrincha foydalanganlar ushlandi

Fargʻona viloyatining Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida 1 mlrd 329 mln soʻmlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi. Bu xakda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. Maʼlum boʻlishicha, DXX ning…

Fargʻonada 1 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan oʻgʻrincha foydalanganlar ushlandi

Fargʻona viloyatining Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida 1 mlrd 329 mln soʻmlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan noqonuniy maynerlar aniqlandi. Bu xakda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, DXX ning Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazilgan. Unda Qoʻqon shahrida yashovchi 1973 yilda tugʻilgan shaxs oʻz qarindoshining yashash xonadonida 10 ta “Bitmain Antminer” rusumli mayning qurilmalarini elektr taʼminoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, oʻzboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga ulab, 2021-2024 yillar davomida mayning faoliyati bilan shugʻullanib, davlatga 638 mln 274 ming soʻm miqdorida zarar yetkazgan.

Shu kabi, Fargʻona shahrida yashovchi 1989 yilda tugʻilgan shaxsning xonadonida quvvati 14,85 kilovatt boʻlgan 11 dona “Antminer” rusumli mayning qurilmalari yashirin ravishda elektr tarmogʻiga ulanib, 320 mln 118 ming soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani aniqlangan.

Bundan tashqari, Fargʻona shahrida yashovchi 1971 yilda tugʻilgan fuqaroga tegishli xonadon koʻzdan kechirilganda, quvvati 12,4 kilovatt boʻlgan 6 dona “Antminer” rusumli mayning qurilmalari elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanib, elektr taʼminoti korxonasiga 293 mln. 284 ming soʻmlik zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Fargʻona shahrida yashovchi 1989 yilda tugʻilgan shaxs oʻzining onasiga tegishli xonadonda “Antminer” rusumli 3 dona mayning qurilmalaridan foydalanishi oqibatida elektr energiyasi boʻyicha davlat manfaatlariga 77 mln 585 ming soʻm miqdorida zarar yetkazgan.

“Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Namanganda 5 mlrd soʻmdan koʻproq qiymatdagi elektr energiyasi oʻgʻirlandi.

Mavzuga oid