Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Fargʻonada hali kindigi ham kesilmagan chaqaloq dalaga tashlab ketildi

Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida yangi tugʻilgan chaqalaq qirli dalaga tashlab ketildi. Bu haqda “Zamon” dasturida maʼlum qilindi. Qayd etilishicha, joriy yilning 2-noyabr kuni Fargʻona tumani “Yuqori archa”…

Fargʻonada hali kindigi ham kesilmagan chaqaloq dalaga tashlab ketildi

Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida yangi tugʻilgan chaqalaq qirli dalaga tashlab ketildi. Bu haqda “Zamon” dasturida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2-noyabr kuni Fargʻona tumani “Yuqori archa” MFYdagi katta dalaga yangi tugʻilgan, hali kindigi ham kesilmagan qiz bola jinsidagi chaqaloq tashlab ketilgan. Kun botishiga yaqin vaqtda dalani ot bilan aylanib yurgan fuqaro uni topib olgan.
“Yaxshiyam oʻsha kuni dalani aylanib yurgan ekanman. Yoʻqsa bir yarim soatdan keyin qorongʻi tushardi, yaqin atrofda daydi itlar kezib yurgandi”, degan chaqaloqni topib olgan erkak.
U shu zahoti oʻgʻliga qoʻngʻiroq qilgan, oʻgʻli esa hududiy inspektor hamrohligida voqea joyiga yetib kelgan. Inspektor tez yordam chaqirilganiga qaramay vaqtdan yutish maqsadida chaqaloqni oʻz shaxsiy mashinasida shifoxonaga olib borgan.
Shifoxonada goʻdakning hayoti saqlab qolingan, biroq u uzoq muddat sovuqda qolib ketgani sabab tanasining harorati pasayib ketgani maʼlum boʻlgan.
“Chaqaloq tugʻilishi bilanoq tashlab ketilgan. Uning kindigidagi belgilardan tugʻuruq uy sharoitida boʻlgani bilinadi”, deydi bolaga birinchi yordam koʻrsatgan shifokorlardan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan maʼlumotlarda esa chaqaloqning ota-onasi hali maktab oʻquvchilari ekani aytilmoqda.
Fargʻona viloyat IIB axborot xizmati boshligʻi Ismoil Sharipovning soʻzlariga koʻra, mazkur jinoyatni sodir etgan ayol va bolaning biologik otasi kimligi aniqlangan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Sizga aytishim mumkin boʻlgani faqat shular, fuqarolarning shaxsi bilan bogʻliq maʼlumotlar esa qonunchilikka koʻra, sir tutiladi”, deydi Sharipov.

Mavzuga oid