Firibgarlik jinoyatining oldini olish choralari
Xolbuki, firibgarlik oʻzi nima degan savol tugʻiladi. Firibgarlik oʻzganing mulkini yoki mulkka boʻlgan huquqini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan qonunga xilof ravishda va tekin qoʻlga kiritishda ifodalanib,…
Xolbuki, firibgarlik oʻzi nima degan savol tugʻiladi.
Firibgarlik oʻzganing mulkini yoki mulkka boʻlgan huquqini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan qonunga xilof ravishda va tekin qoʻlga kiritishda ifodalanib, buning taʼsirida mulkdor (uning vakili), mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga boʻlgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qoʻyilishiga imkoniyat beradi.
Firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlar xabar qilinishi yoki ish holati boʻyicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga maʼlum qilinishi lozim boʻlgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.
Firibgarlikda yolgʻon maʼlumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs oʻzini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida koʻrsatishi) taalluqli boʻlishi mumkin.
Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki toʻlov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni oʻynash chogʻida aldov usullarini qoʻllash va hakozolar kiradi.
Firibgarlikda ishonchni suiisteʼmol qilish deganda, aybdorning mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga vakolatli boshqa shaxslar bilan ishonchli munosabatlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urugʻlik munosabatlari sabab boʻlishi mumkin.
Firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish mulkni yoki unga boʻlgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatini anglash qobiliyatiga ega boʻlmagan (masalan, kichik yoshdagi bolaligi (14 yoshga toʻlmaganligi), koʻzi ojizligi, ruhiy jihatdan norasoligi, alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda taʼsirida ogʻir darajada mastligi tufayli) shaxsni aldash va undan mulkini olish firibgarlik tariqasida emas, balki oʻgʻirlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.
Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning gʻayriqonuniy egaligiga oʻtgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega boʻlgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga koʻra, shaxs bankdagi pul mablagʻlarini ular uning bankdagi hisob varaqasiga kelib tushgan (oʻtkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega boʻlganligi tufayli, jinoyat bu mablagʻlar ularni mablagʻ egasi hisob varaqasidan aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisob varaqasiga oʻtkazilgan paytdan tugallangan deb topish lozim.
Oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik, aybdorda oʻzganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo boʻlgan paytdan (masalan, koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqi yoki qonunga muvofiq roʻyxatga olinishi shart boʻlgan boshqa mulkka nisbatan huquq roʻyxatga olingan paytdan; shartnoma tuzilgan vaqtdan; mulkka nisbatan shaxsning huquqi tan olingan sud qarori kuchga kirgan kundan; vakolatli davlat organi aybdorda yoki boshqa shaxslarda mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun asoslar mavjudligi toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan) tugallangan hisoblanadi.
Agar shaxs oʻzganing mulkini yoki unga boʻlgan huquqni mazkur mulk yoki huquq unga berilishi sharti bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarmaslik niyatida olgan yoki egallagan boʻlsa, qilmish aybdorda oʻzganing mulkini yoki unga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritishga nisbatan qasd faqat oʻzganing mulki yoki unga boʻlgan huquq qoʻlga kiritilgunga qadar paydo boʻlgan holdagina firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Oʻzganing mulkini talon-toroj qilishga qaratilgan qasd mavjudligi toʻgʻrisida, jumladan, aybdor tomonidan soxta hujjat yoki kafolat xatlaridan foydalanish, qarz mavjudligi yoki mulk garov ostidaligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni yashirish, bitimda taraflardan biri sifatida ishtirok etishi uchun soxta korxona (tashkilot) tuzilishi, kredit mablagʻlaridan maqsadga zid foydalanish yoxud ularni naqdlashtirish kabilar guvohlik berishi mumkin. Qayd etilgan holatlar oʻz oʻzidan shaxsni firibgarlik sodir etishda aybdor deb topish uchun asos boʻlmaydi, shu tufayli, shaxsning oʻz majburiyatlarini bila turib bajarish niyati boʻlmaganligi har bir muayyan holda ishning barcha holatlaridan kelib chiqib aniqlanishi shart.
Agar oʻzganing mulkini egallashga nisbatan qasd aybdorda mulk qabul qilingandan keyin yuzaga kelgan boʻlsa, shaxsning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etmaydi va muayyan holatlarni inobatga olgan holda oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilish (masalan, shaxsning oʻziga xoʻjalik yuritish, operativ boshqarish, ishonchli boshqarish, yetkazib berish, saqlash, realizatsiya qilish va h.k. maqsadida qonuniy berilgan mulkni qonunga xilof tarzda va haqini toʻlamay oʻzining yoki boshqa shaxsning mulkdorligiga qaratishi) sifatida baholanishi lozim.
Agar shaxs oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini uni ijro etish jarayonida ayrim obʼektiv sabablarga koʻra (masalan, mulkiy nochorligi, shartnoma tuzishda taraflar uchun asos boʻlgan vaziyatning jiddiy oʻzgarishi, ogʻir kasalligi, favqulodda holat tufayli) bajara olmasa yoki oʻzganing mulkini egallashga nisbatan qasd mavjudligini isbotlashning imkoni boʻlmasa, bunday holatlar fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizo sifatida baholanib, fuqarolik, iqtisodiy sud ishi yurituvi tartibida hal etiladi.
Surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonun talablariga muvofiq tuzilgan bitimlar, shartnomalarga asoslangan fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik ham, bunday holda oʻzgalar mulkini egallashda huquqqa xiloflilik belgisi boʻlmaganligi tufayli firibgarlik deb baholanishi mumkin emas, chunki mulk bitim, shartnoma boʻyicha bir tarafdan ikkinchi tarafga, jumladan taraflar uchun oʻzaro moddiy manfaatni nazarda tutuvchi muayyan shartlar bilan beriladi. Agar bitim, shartnoma shartlari bajarilmasa, qonunga koʻra (FK 2, 9, 24-boblari, FPK II boʻlimining 2-kichik boʻlimi, XPK 15-bobi) buzilgan huquq faqat fuqarolik ishlari boʻyicha sud yoki iqtisodiy sud tomonidan tiklanishi mumkin boʻlib, ularda majburiyatlar ijrosini taʼminlash uchun yetarli huquqiy vositalar mavjud.
Shu munosabat bilan, qonun talablariga muvofiq tuzilgan fuqarolik-huquqiy bitim, shartnoma boʻyicha jinoyat belgilari mavjud boʻlmagan barcha hollarda, nizo fuqarolik, iqtisodiy ishlar boʻyicha sud tomonidan koʻrib chiqilishi lozim.
Ijtimoiy toʻlov, nafaqa, boshqa pul toʻlovlari (masalan, kompensatsiyalar, sugʻurta toʻlovlari)ni yoki boshqa mulkni tegishli qaror qabul qilishga vakolatli ijro hokimiyati, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, muassasa yoki tashkilotlarga, qonunga koʻra toʻlovlar yoki mulkni olish uchun asos boʻladigan holatlar mavjudligi (jumladan, oluvchining shaxsi, nogironligi, boqimandalari borligi, urush harakatlarida qatnashganligi, ishga joylashtirish imkoniyati yoʻqligi, sugʻurta hodisasi roʻy berganligi) toʻgʻrisida bila turib, yolgʻon maʼlumotlar taqdim etish yoʻli bilan olish ham firibgarlik hisoblanadi.
Firibgarlik jinoyatidan aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan mulkiy zarar yetkazish jinoyatini farqlash lozim, chunki bunday holda shaxs oʻzganing mulkini bevosita olib qoʻymasdan va unga nisbatan huquqqa ega boʻlmasdan, qonunga (shartnomaga) koʻra mulkdor egaligi yoki tasarrufiga oʻtishi lozim boʻlgan tovar-pul qimmatliklarini oʻzlashtiradi va ular hisobiga boyiydi (masalan, avtomobillarga texnik yordam koʻrsatish shoxobchasi xodimi naryadda koʻrsatilmagan ishlarni bajarib yoki vagon kuzatuvchisi yoʻlovchini chiptasiz tashib, mijozdan olingan haqni oʻzlashtiradi, bosmaxona bosh injeneri buyurtma qilingan mahsulotning hisobga olinmagan tiraji uchun olingan haqni oʻz mulkdorligiga qaratadi va h.k.).
Agar aldov shaxs tomonidan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritishni yengillatish maqsadida ishlatilgan boʻlib, mulkni olib qoʻyish jarayonida mulkdor, mulk egasi yoki boshqa shaxs uning asl niyatini sezib qolgan, aybdor buni anglasada, biroq mulkdor yoki mulk egasining erkiga zid ravishda mulkni ushlab turishni davom ettirgan boʻlsa, qilmish talonchilik, mulkdor yoki mulk egasiga bildirmasdan mulk bilan yashiringan hollarda esa, firibgarlik sifatida javobgarlikka tortish sabab boʻladi.
Jinoyat predmeti boʻlgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay yoʻsinda sotib olinganligiga qarab, jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda boʻlgan va tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan chakana, bozor yoki komission narxlardan kelib chiqish lozim. Narx mavjud boʻlmaganda va talon-toroj miqdori toʻgʻrisida nizo kelib chiqqan hollarda, mulk qiymati ekspert xulosasiga asosan aniqlanadi.
Mansabdor shaxs tomonidan u mansab vakolati yoʻqligi yoki oʻz xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli aslida amalga oshira olmaydigan muayyan harakat (harakatsizlik) uchun pul, qimmatli qogʻoz va boshqa moddiy qimmatliklar olinishi, unda mazkur qimmatliklarni egallashga nisbatan qasd mavjud boʻlgan taqdirda, firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinadi.
Kelgusida ushbu turdagi jinoyatni oldini olish maqsadida mahalla fuqarolar yigʻini va hududlardagi profilaktika inspektorlari tomonidan keng jamoatchilik oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish maqsadga muvofiqdir.
Sherzod Yuldashev
Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudining sudyasi