Firibgarlik nima oʻzi?
Firibgarlik jinoyati iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kirib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasida mazkur jinoyatga taʼrif berilgan. Firibgarlik-aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli orqali…
Firibgarlik jinoyati iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kirib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasida mazkur jinoyatga taʼrif berilgan.
Firibgarlik-aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli orqali oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkka boʻlgan huquqini qoʻlga kiritish demakdir.
Aldash-bu aybdor tomonidan jabrlanuvchining mulkini yoki mulkka boʻlgan huquqini qoʻlga kiritish maqsadida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlardan foydalanish yoki mulk egasi bilishi lozim boʻlgan haqiqiy faktlarni yashirish tushuniladi.
Ishonchni suiisteʼmol qilish-aybdorning mulk egasi bilan oʻrtasidagi ishonchli munosabatlarda gʻarazli maqsadlarda foydalanishdir. Ishonchga turli holatlar masalan aybdor shaxsining xizmat mavqei yoki uning shaxsiy yoki qarindoshlik munosabatlari sabab boʻlishi mumkin.
Soʻnggi yillarda firibgarlik jinoyatning umumiy jinoyatchilikdagi salmogʻi oritib borayotganligi sababli 2016 yil 26 dekabr kunidagi Qonun bilan Jinoyat Kodeksining 168-moddasidagi jinoiy javobgarlik ogʻirlashtirildi.
Lekin, shunga qaramasdan aksariyat holarda aynan jabrlanuvchilarning soddaligi, ishonuvchanligi va beparvoligi natijasida mazkur jinoyatlar hali ham koʻplab sodir etib kelinmoqda.
Achinarlisi shundaki, shuncha voqealardan keyin ham firibgarlik jinoyati yoxud firibgar va yo tovlamachi qarmogʻiga ilinayotgan vatandoshlar soni kamayib qolayotgani yoʻq.
-Chet elga ishga joʻnatishni bildirgan holda;
-hokimiyat va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari orasida tanishi borligini aytib, uy olib berishga ishontirgan holda;
-oʻqishga yoki ishga kiritishini bildargan holda;
-“OLX”, “Telegram” ijtimoiy tarmoqlari orqali narsa buyumlarni sotish maqsadida eʼlon bergan fuqarolar bilan muloqot qilib, ularni ishonchiga kirib, sotuvdagi narsa – buyumlarini sotib olishini, pulni plastik kartasiga tashlab berishni aytib, plastik karta raqamini soʻrab olib, ushbu plastik kartani telefon apparatiga “Click” orqali ulanib, hisobidan pullarini yechib olgan holda;
-transport vositasini ogʻzaki kelishuv bilan sotib olib, ishonchga kirish uchun pulining bir qismini berib, qolgan qismini maʼlum vaqtga berishini aytib, boshqa shaxslarga sotib yuborish yoʻli orqali;
-pul taklif qilgan holda ishonchingizga kirib, fuqarolik pasportingizni qoʻlga kiritib, bank muassasalaridan Sizning nomingizga kreditmablagʻlarini chiqartirishga erishish yoʻli orqali;
-voyaga yetmagan va yosh qizlarni aldab, ularning tilla taqinchoqlarini qoʻlga kiritish orqali;
-tilanchilik bahonasida kelib, sizga “dam” solish, fol ochish, qilingan “duo”larni olib tashlash va kelgusida kutilayotgan “xavf- xatar”dan forigʻ qilishini bildirgan holda;
-tergov, sud yoki boshqa davlat organlarida koʻrilayotgan ishlarni pul evaziga ijobiy hal qilish, qisqa muddat ichida pasport, haydovchilik guvohnomasi yoki avtomashina uchun davlat raqam belgisi olib berishni vaʼda qilish yoʻli orqali.
Unutmang!!! Agarda Siz oʻz manfaatlaringizni, jumladan biror-bir maqsad yoki muammoaringizni davlat organlari mansabdor shaxslari orqali hal qilish uchun Sizni aldayotgan shaxsga pul yoki qimmatliklarga ega buyumlarni berganligingiz tasdiqlangan taqdirda OʻZINGIZ Jinoyat Kodeksining 211-moddasida koʻrsatilgan “Pora berish” jinoyati boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilishingiz va mazkur modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdiringizda 5 yildan 15 yilga qadar muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanish xavfi mavjud.
J.Xursandov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining sudyasi