Firibgarlik nima oʻzi?
04.02.20222 Firibgarlik jinoyati iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kirib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasida mazkur jinoyatga taʼrif berilgan. Firibgarlik-aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish…
04.02.20222
Firibgarlik jinoyati iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kirib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasida mazkur jinoyatga taʼrif berilgan.
Firibgarlik-aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli orqali oʻzganing mulkini yoki oʻzganing mulkka boʻlgan huquqini qoʻlga kiritish demakdir.
Aldash-bu aybdor tomonidan jabrlanuvchining mulkini yoki mulkka boʻlgan huquqini qoʻlga kiritish maqsadida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlardan foydalanish yoki mulk egasi bilishi lozim boʻlgan haqiqiy faktlarni yashirish tushuniladi.
Ishonchni suiisteʼmol qilish-aybdorning mulk egasi bilan oʻrtasidagi ishonchli munosabatlarda gʻarazli maqsadlarda foydalanishdir. Ishonchga turli holatlar masalan aybdor shaxsining xizmat mavqei yoki uning shaxsiy yoki qarindoshlik munosabatlari sabab boʻlishi mumkin.
Soʻnggi yillarda firibgarlik jinoyatning umumiy jinoyatchilikdagi salmogʻi oritib borayotganligi sababli 2016 yil 26 dekabr kunidagi Qonun bilan Jinoyat Kodeksining 168-moddasidagi jinoiy javobgarlik ogʻirlashtirildi.
Unga koʻra mazkur turdagi jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan agarda jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararlar jabrlanuvchilarga toʻliq qoplab berilmasa, 3 yildan 15 yilga qadar ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi belgilab qoʻyildi.
Lekin, shunga qaramasdan aksariyat holarda aynan jabrlanuvchilarning soddaligi, ishonuvchanligi va beparvoligi natijasida mazkur jinoyatlar hali ham koʻplab sodir etib kelinmoqda.
Firibgarlikning boshqa mulkiy jinoyatlardan farqi – firibgarlikda jabrlanganlar firibgarga mol-mulkini, mol-mulkka boʻlgan huquqini oʻz xohishi bilan topshiradi.Fuqarolar pullarini oʻz qoʻllari bilan olib kelib beradi. Jabrlanganlarning aksariyati yengil boyib ketish, qonuniy yoʻllar orqali erishishi mumkin boʻlgani maqsadlariga osonlik bilan yetishishlari toʻgʻrisidagi fikr ular mulklarini oson va oʻylamagan holda firibgar tasarrufiga oʻtkazishlariga va natijada ular oʻzlari emas, aynan firibgarlar oson yoʻllar bilan daromad orttirishlariga yoʻl ochib beradilar. Shuningdek, firibgarlarda aktyorlik qobiliyati ham boʻladi. Shu sababli “Firibgarlik” jinoyatlari aqlli jinoyatlar turiga ham kirib ulgurgan.
Oxirgi 4 yilda ushbu jinoyat bilan bogʻliq bir nechta shov-shuvli ishlar OAV (ommaviy axborot vositasi) orqali yoritildi. «Ahmadboy ishi», «Human» va boshqa qator xususiy bandlik agentliklari bilan bogʻliq ishlar shular jumlasidan. «Straus House» MChJ, «Avto 60 oy», Auto Rental kabi qator firma va tadbirkorlik subʼektlari bilan bogʻliq ishlarga ham koʻp boʻlgani yoʻq.
Achinarlisi shundaki, shuncha voqealardan keyin ham firibgarlik jinoyati yoxud firibgar va yo tovlamachi qarmogʻiga ilinayotgan vatandoshlar soni kamayib qolayotgani yoʻq.
Qolaversa, taraqqiyot yuksalgani sari firibgarlikning yangidan- yangi turlari ham qayd etilmoqda. Axborottexnologiyalari, internet orqaliamalgaoshirilayotganfiribgarliklarhamkoʻpuchrayapti.
Ayni vaqtda respublikamiz miqyosida firibgarlikning quyidagi turlari koʻp uchramoqda, jumladan mazkur jinoyatlar:
-Chet elga ishga joʻnatishni bildirgan holda;
-xayriya mablagʻlari uchun tashkil qilingan plastik kartalardan pul yechib olish yoʻli orqali;
-hokimiyat va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari orasida tanishi borligini aytib, uy olib berishga ishontirgan holda;
-oʻqishga yoki ishga kiritishini bildargan holda;
-“OLX”, “Telegram” ijtimoiy tarmoqlari orqali narsa buyumlarni sotish maqsadida eʼlon bergan fuqarolar bilan muloqot qilib, ularni ishonchiga kirib, sotuvdagi narsa – buyumlarini sotib olishini, pulni plastik kartasiga tashlab berishni aytib, plastik karta raqamini soʻrab olib, ushbu plastik kartani telefon apparatiga “Click” orqali ulanib, hisobidan pullarini yechib olgan holda;
-oʻzini kommunal xizmat(gaz, elektr energiyasi, isiq suv, maxsus trans) xodimi deb tanishtirib, fuqarolardan pul toʻlovlarini soxta blankalar taqdim qilgan holda qoʻlga kiritish yoʻli orqali;
-transport vositasini ogʻzaki kelishuv bilan sotib olib, ishonchga kirish uchun pulining bir qismini berib, qolgan qismini maʼlum vaqtga berishini aytib, boshqa shaxslarga sotib yuborish yoʻli orqali;
-pul taklif qilgan holda ishonchingizga kirib, fuqarolik pasportingizni qoʻlga kiritib, bank muassasalaridan Sizning nomingizga kreditmablagʻlarini chiqartirishga erishish yoʻli orqali;
-olgan pullarini keyinchalik foizi bilan qaytarishini bildirgan holda qarzga pullaringizni olgan holda;
-oʻzini sizga viloyat yoki tumanlarga qatnovchi kirakash sifatida tanishtirib, pul joʻnatmalaringizni bir manzildan boshqa manzilga yetkazib berishini bildirib ishonchga kirish yoʻli orqali pullaringizni olib, oʻzlashtirish yoʻli orqali;
-oʻzi ogʻir ahvolda qolganligi va unga pul juda zarurligini bildirgan holda tilla taqinchoqlarini sotishga majbur boʻlganligini bildirib, ishonchingizga kirib, aslida oddiy sariq metalldan ishlangan taqinchoqlarni Sizga arzon narxda sotishini bildirgan holda;
-voyaga yetmagan va yosh qizlarni aldab, ularning tilla taqinchoqlarini qoʻlga kiritish orqali;
-tilanchilik bahonasida kelib, sizga “dam” solish, fol ochish, qilingan “duo”larni olib tashlash va kelgusida kutilayotgan “xavf- xatar”dan forigʻ qilishini bildirgan holda;
-etishtirilgan meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, quruq mevalarni sotib olib, ularning pullarini keyinchalik berishini bildirgan holda aldash yoʻli orqali;
-tergov, sud yoki boshqa davlat organlarida koʻrilayotgan ishlarni pul evaziga ijobiy hal qilish, qisqa muddat ichida pasport, haydovchilik guvohnomasi yoki avtomashina uchun davlat raqam belgisi olib berishni vaʼda qilish yoʻli orqali.
Unutmang!!! Agarda Siz oʻz manfaatlaringizni, jumladan biror-bir maqsad yoki muammoaringizni davlat organlari mansabdor shaxslari orqali hal qilish uchun Sizni aldayotgan shaxsga pul yoki qimmatliklarga ega buyumlarni berganligingiz tasdiqlangan taqdirda OʻZINGIZ Jinoyat Kodeksining 211-moddasida koʻrsatilgan “Pora berish” jinoyati boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilishingiz va mazkur modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdiringizda 5 yildan 15 yilga qadar muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanish xavfi mavjud.
Xoʻsh, firibgarlarning oʻzlari ham oʻzlarini «firibgar» deb bilishadimi, tan olishadimi? Yoʻq, albatta. Ularning hech biri qilmishini tan olmaydi, aksincha, maqsadi odamlarga yordam berish boʻlganini taʼkidlashadi.Haqiqatdan ham firibgar oʻzi qilayotgan ish qanchalik chirkin ekanini anglamas ekan, maqsadga kimnidir aldash yoki qaysidir firibgarga murojaat qilish bilan emas, mushkul va murakkab koʻrinsa-da, halol mehnat orqali erishishni targʻib qilishimiz, farzandlarimizni toʻgʻri, ezgu maqsad sari yoʻnaltirishimiz lozim.
Sizning ishonchingizdan ayrim nopok shaxslar oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishi va Sizning mol mulkingizga tajovuz qilishi mumkinligini doimo eʼtiborga olishingizni soʻraymiz. Firibgarlik jinoyati qurboni boʻlmasligingiz uchun oʻzga shaxslarning turli yolgʻon vaʼda va kafolatlariga ishonib qolmaslik, oʻz pul mablagʻlaringiz va mulklaringizni boshqa shaxslarga topshirishda har taraflama, chuqur xulosa qilgan holda ish koʻrishingizni, mazkur jinoyatdan himoyalanish birinchi navbatda oʻzingizga bogʻliq ekanligini unutmang!
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Z.Narziyev