FUQAROLARNING MЕHNAT HUQUQI QONUN HIMOYASIDA
Ma’lumki, jamiyat rivoji mehnat munosabatlarining yangidan-yangi shart va talablarini yaratadi. Bu ish beruvchi va xodim o‘rtasida yuzaga kelgan mehnat nizolariga doir jihatlarda ham aks etib, har ikki tomon o‘rtasida…
Ma’lumki, jamiyat rivoji mehnat munosabatlarining yangidan-yangi shart va talablarini yaratadi. Bu ish beruvchi va xodim o‘rtasida yuzaga kelgan mehnat nizolariga doir jihatlarda ham aks etib, har ikki tomon o‘rtasida mehnat shartlarini qo‘llash yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklarni qonuniy bartaraf etish shunga doir murojaatlarni odil sudlov orqali ko‘rib chiqish evaziga ta’minlanadi.Jumladan, sudga da’vogar viloyat Bandlik Bosh Boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi Z.R. manfaatini ko‘zlab javobgar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion Sog‘liqni saqlash milliy palatasi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasiga nisbatan “buyruqni bekor qilish, avvalgi ishiga tiklash, majburiy progul uchun ish haqi va ma’naviy zarar uchun haq undirish haqida”gi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.Sud majlisida javobgar tomonidan Z.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda qonun hujjatlari talablari buzilganligi, jumladan, mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ogohlantirish xati xodimga berilgandan keyin qonunda belgilangan ikki oy muddat o‘tmasdan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, Z.R.ga ish beruvchi boshqa ish taklif qilish choralarini ko‘rmaganligi, Z.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng bo‘sh ish joylari bo‘la turib boshqa xodim ishga qabul qilganligi, mehnat shartnomasini bekor qilishdan avval ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasiga taqdimnoma kiritmaganligi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodim ishtirokida mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish masalasi kasaba uyushmasi qo‘mitasining umumiy yig‘ilishida muhokama etilmaganligi aniqlangan. Mehnat kodeksining 92-moddasiga ko‘ra, boshqa doimiy ishga o‘tkazishga (xodimning mehnat vazifalarini o‘zgartirishga) – unga boshqa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi mumkin. Agar obyektiv sabablarga ko‘ra (100-modda 2-qismining 1-, 2- va 6-bandlari va 106-moddaning 2-bandi) mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasi doirasida ishni davom ettirish mumkin bo‘lmasa, ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni (xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq bo‘lsa, mutaxassisligi bo‘yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni), bunday ish bo‘lmagan taqdirda esa, korxonada mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart. Xodim boshqa ishga o‘tishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish bo‘lmagan taqdirda mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin bo‘lgani holda, ish beruvchi tomonidan Z.R.ga boshqa ish taklif qilish choralari ko‘rilmagan yoki bo‘sh ish o‘rni mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida xodimga ma’lumot berilmagan.Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 101-moddasiga ko‘ra basharti jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday rozilikni olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanib, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining amaldagi jamoa shartnomasida ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish faqatgina kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligi olinib bekor qilinishi qayd etilgan.MKning 101-moddasi 2-, 3-qismlariga asosan, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish masalasi bo‘yicha qabul qilgan qarori haqida ish beruvchiga yozma ravishda xabar berishi kerak, bu xabar mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning yozma taqdimnomasi olingan kundan boshlab o‘n kunlik muddat ichida ma’lum qilinadi. Ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli. Biroq ish beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion Sog‘liqni saqlash milliy palatasi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i tomonidan Z.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish xususida kasaba uyushshmasi qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilmasdan, faqatgina 2021 yil 24 mayda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi nomiga ish o‘rinlari qisqartirilayotganligi haqida ma’lumot tariqasida xat kiritilib, taqdimnoma berilmaganligi oqibatida qonun talablari buzilgan.Shu kabi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish masalasi bo‘yicha qabul qilgan qarori haqida ish beruvchiga yozma ravishda xabar berishi kerak, bunday xabar mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning yozma taqdimnomasi olingan kundan boshlab o‘n kunlik muddat ichida ma’lum qilinishi ta’kidlangan qonun talabi ham buzilib, ish beruvchining xati olingan 24.05.2021 yil sanasidan 17 kun o‘tgach, kasaba uyushmasi qo‘mitasining 09.06.2021 yildagi qarori ish beruvchiga taqdim etilib,bunday holatda ish beruvchi bir oylik muddatda xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkinligi belgilangan bo‘lsa-da, mazkur muddatga ham rioya etilmasdan, ish beruvchi tomonidan 12.07.2021 yilga kelib Z.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, qonun buzilishga yo‘l quyilgan.Sudda mavjud hujjatlarga ko‘ra Z.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish xususida kasaba uyushmasi raisi boshchiligida uyushma vakillarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilmagan hamda Z.R. kasaba uyushmasi qo‘mitasining yig‘ilishiga taklif etilmagan, kasaba uyushmasi vakillari ishtirokida mazkur masala muhokama etilmagan. Vaholanki, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ijroiya ko‘mitasining 2021 yil 19 martdagi 2-37-s-son qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Kasaba uyushmasi organlarida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqish tartibi”da taqdimnomaga kasaba uyushmasi organi rahbari tomonidan kollegial organning qarorisiz biror-bir tarzda munosabat bildirish mumkin emasligi, taqdimnomani ko‘rib chiqayotgan organ mazkur tartib qoidalarning to‘liq ijrosini taminlashi, vakolatli kasaba uyushmasi organi taqdimnomani qonunda belgilangan 10 kunlik muddat ichida ko‘rib chiqishi, taqdimnoma kasaba uyushmasi organining majlisida ko‘rib chiqilishi, taqdimnoma yuzasidan so‘rov yo‘li bilan yoki boshqa tarzda sirtdan qaror qabul qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, masalasi ko‘rilayotgan xodim tegishli kasaba uyushmasi organi majlisida ishtirok etish huquqiga ega ekanligi, kasaba uyushmasi organi xodimning majlisda ishtirok etishi uchun majlis o‘tkaziladigan sana va joy haqida oldindan yozma shaklda yoki pochta orqali xabardor qilishi shartligi, xodim majlisga uzrli sabablarga ko‘ra kelmaganda, uni ko‘rib chiqish keyinga qoldirilishi va ish beruvchiga bu haqda malum qilinishi, majlisni keyinga qoldirish qonunda ko‘rsatilgan 10 kunlik muddat doirasida belgilanishi, mazkur muddat davomida xodimning ishtirokini taminlashning imkoni bo‘lmagan taqdirda, majlis uning ishtirokisiz o‘tkazilishi, kasaba uyushmasi organining majlisida bayonnoma rasmiylashtirilishi va taqdimnomani ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan qaror qabul qilinishi, bayonnoma va qaror kasaba uyushmasi organi majlisi raisi tamonidan imzolanishi, bayonnomada majlis o‘tkazilayotgan joy va sana, bayonnomaning tartib raqami; tashkilot, kasaba uyushmasi organi nomi va majlisda ishtirok etgan kasaba uyushmasi organi tarkibi; taqdimnoma qabul qilingan sana va uning mazmuni, majlisda ishtirok etayotgan boshqa shaxslar, shu jumladan, taraflarning vakillari, guvohlar va mutaxassislarning lavozimlari, familiyasi, ism sharifi va ularning masala yuzasidan bildirgan fikrlari, taqdimnomani ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan holatlar; majlisga xodimning taklif etilganligi, kasaba uyushmasi organining qarori o‘qib eshittirilganligi, uning ustidan shikoyat qilish huquqi tushuntirilganligi; qaror uchun ovoz berish natijalari (yoklab va qarshi ovoz berganlar, betaraflar, soni) aks ettirilishi, kasaba uyushmasi organining taqdimnomani ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qarori bevosita majlis bayonnomasida aks ettirilishi yoki alohida qaror ko‘rinishida bayonnomaga ilova qilinishi mumkinligi, qarorda qarorni chiqargan kasaba uyushmasi organining nomi; qarorning sanasi va tartib raqami; taqdimnomani ko‘rib chiqish yuzasidan qabul qilingan qaror mazmuni ko‘rsatilishi, qaror majlis raisi tomonidan imzolanishi, kasaba uyushmasi organi qarorida asoslantirilgan tarzda taqdimnomaga rozilik berish yoki rozilik berishni rad etish haqidagi to‘xtam ko‘rsatilishi, qaror dalillar bilan isbotlangan hamda mehnat to‘g‘risidigi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga, mehnat shartnomasiga asoslangan bo‘lishi kerakligi, basharti, kasaba uyushmasi organi ish beruvchining harakatlarida qonun buzilishi holatlarini aniqlab yoki boshqa obektiv sababga ko‘ra taqdimnomaga rozilik berishni rad etish haqidagi to‘xtamga kelsa, qarorda ish beruvchining rad etish sabablari, shuningdek, xodimning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan talablar aniq va ravshan aks ettirilishi, taqdimnomani ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan ish beruvchi va masalasi ko‘rilgan xodimga belgilangan tartibda javob xati yo‘llanib, kasaba uyushmasi organining qaroridan nusxa (ko‘chirma) ilova kilinishi belgilangan bo‘lsa-da, mazkur tartibda belgilangan qoidalarga rioya etilmasdan, Z.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilmagan hamda mazkur masala kasaba uyushmasi qo‘mitasining kollegial yig‘ilishida xodim ishtiroki ta’minlangan holda ko‘rib chiqilmagan. Bunday holatda ish beruvchi tomonidan Z.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishida kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligi olinmagan deb hisoblanadi.MKning 102-moddasida ish beruvchi mehnat shartnomasi texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan (100-modda ikkinchi qismining 1-bandi) bekor qilish niyati haqida xodimni kamida ikki oy oldin yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart, deb belgilangan. Lekin, Z.R.ga u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida 2021 yil 20 may kuni ogohlantirish xati yuborilgan bo‘lib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2021 yil 12 iyul kuni bekor qilingan, bu holatda ish beruvchi tomonidan qonunda belgilangan ikki oylik muddat to‘lmasdan turib, qonuniy ogohlantirish muddatiga rioya etilmasdan mehnat shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion Sog‘liqni saqlash milliy palatasi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasining 2021 yil 12 iyul kunidagi 23-sh-sonli buyrug‘i g‘ayriqonuniy hisoblanadi.MKning 111-moddasi 1-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan hollarda, u ish beruvchining o‘zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi lozim. Nizoni ko‘rish vaqtida ish beruvchiga mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni boshqa ishga o‘tkazishning asosliligini isbotlab berish mas’uliyati yuklatiladi. Ushbu kodeksning 112-moddasiga ko‘ra, ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi. Zararni qoplash: majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash shartligidan (275-modda); mehnat shartnomasi bekor qilinganligi yoki xodim boshqa ishga o‘tkazilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun ketgan xarajatlar va b.) uchun kompensatsiya to‘lashdan; ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lashdan iboratdir. Ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning miqdori ish beruvchining xatti-harakatiga berilgan bahoni hisobga olib, sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas. Yuqoridagi qonun talablariga ko‘ra, sud javobgar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion Sog‘liqni saqlash milliy palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi hisobidan da’vogar Z.R. foydasiga 3.000.000 so‘m ma’naviy zarar undirishni lozim topdi.MKning 273-moddasiga ko‘ra, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganda uni ishga tiklash, mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari ta’rifini o‘zgartirish to‘g‘risida sud chiqargan hal qiluv qarori yoki mehnat nizolarini ko‘ruvchi organ chiqargan qaror darhol ijro etilishi lozim.
B.Naraliyev, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudi sudyasi