Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Hindistonda oʻzbek-hind harbiy mashgʻulotlari boshlandi

Oʻzbekiston harbiylari Hindistonga yetib bordi. U yerda 5 martga qadar shartli terrorchi guruhlarni qidirish va yoʻq qilish, togʻli va oʻrmonli hududlarda jangovar harakatlar olib borish boʻyicha qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkaziladi.…

Hindistonda oʻzbek-hind harbiy mashgʻulotlari boshlandi

Oʻzbekiston harbiylari Hindistonga yetib bordi. U yerda 5 martga qadar shartli terrorchi guruhlarni qidirish va yoʻq qilish, togʻli va oʻrmonli hududlarda jangovar harakatlar olib borish boʻyicha qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonlik 45 nafar harbiy xizmatchi «Doʻstlik-2023» qoʻshma ikki tomonlama oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etish uchun Hindistonga yetib keldi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Mashgʻulotlar Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi togʻli hududda joylashgan Garhwal Rifles14-bataloni bazasida oʻtkaziladi. Qoʻshma manevrlar 5 martga qadar davom etadi.

Hamkorlikdagi mashgʻulotlar doirasida ikki davlat harbiy xizmatchilarining shartli terroristik guruhlarini qidirib topish, yoʻq qilish, togʻli toʻsiqlarni yengib oʻtish hamda togʻli oʻrmon sharoitlarida jangovar operatsiyalarni bajarish kabi maxsus vazifalar hamda sport va madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi harbiy mashgʻulotlar 2019 yilda Toshkent harbiy okrugi hududidagi umumqoʻshin poligonida birinchi marotaba oʻtkazilgan edi. Ikkinchi bor 2021 yilda Hindistonning Utaranchal shtati Ranikxet provintsiyasi hududida joylashgan «Chaubatiya» oʻquv markazida oʻtkazilgan. Uchinchi marta esa «Doʻstlik-2022» birgalikdagi oʻquv mashgʻulotlari Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning «Yangiariq» umumqoʻshin poligonida tashkil etilgan.

Mavzuga oid