Hokim qarori haqiqiy emas deb topildi
Surxondaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subʼekti (tadbirkor tashkilot nomini sir tutishni soʻragan) sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgar Shoʻrchi tuman hokimining 2020 yil 26 mart kunidagi Q-638-sonli…
Surxondaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subʼekti (tadbirkor tashkilot nomini sir tutishni soʻragan) sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgar Shoʻrchi tuman hokimining 2020 yil 26 mart kunidagi Q-638-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan. Sudda aniqlangan holatlarga koʻra, Shoʻrchi tuman hokimining 2017 yil 19 oktyabrdagi Q-1839-sonli qarori bilan (nomi oʻzgartirilgan) “XXX” MChJga tumanning Alpomish SIU hududi 134g-dala konturidagi ball boniteti 86 ball boʻlgan yer maydonidan yordamchi hoʻjalik yuritish va ekspertbop ekinlarni yetishtirish uchun 4,0 ga yer maydoni egalik qilish huquqi bilan ajratib berilgan. Tadbirkorlik subʼetining yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomasi hamda kadastr yigʻma jildi rasmiylashtirilgan boʻlsada, Shoʻrchi tuman prokurorining 2020 yil 16 martdagi protestiga bilan ajratish haqidagi qaror chiqarilishida amaldagi qonun normalari buzilganligi sababli Shoʻrchi tuman hokimining 2017 yil 19 oktyabrdagi Q-1839-sonli qarori bekor qilinishi soʻralgan.Shunga binoan Shoʻrchi tuman hokimining 2020 yil 26 martdagi Q-638-sonli qaroriga asosan prokuror protesti qanoatlantirilib, Shoʻrchi tuman hokimining 2017 yil 19 oktyabrdagi “XXX” MChJga 4,0 ga yer maydoni ajratish toʻgʻrisidagi Q-1839-sonli qarori bekor qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentyabrdagi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi 913-XII-sonli Qonuni talabiga koʻra, Shoʻrchi tuman hokimi tuman prokurorining protestiga asosan Shoʻrchi tumani hokimining 2017 yil 19 oktyabrdagi Q-1839-sonli qarorini bekor qilishi qonunga zid hisoblanmaydi. Biroq, hokim ilgari qabul qilingan qarorni bekor qilishdan avval manfaatdor shaxsni ishonchini himoya qilish lozim boʻlgan holatlarni inobatga olishi, manfaatdor shaxsni ushbu masala yuzasidan xabardor qilishi yoki uni ogohlantirish lozim edi. Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yil 8 yanvardagi “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 33-moddasiga koʻra, tegishli tarzda xabardor qilish faktini isbotlash majburiyati maʼmuriy organning zimmasida boʻladi. Javobgarning vakili Shoʻrchi tumani hokimining 2020 yil 26 martdagi Q-638-sonli qarori bilan tuman hokimining 2017 yil 19 oktyabrdagi Q-1839-sonli qarorini bekor qilishdan avval hokimlik tomonidan manfaatdor shaxs xabardor qilinganligi va ishtiroki taʼminlanganligi haqida asosli hujjatlarni sudga taqdim eta olmadi va oʻz tushuntirishida tuman hokimining 2017 yil 17 oktyabrdagi Q-1839-sonli qarorini bekor qilishdan oldin hokimlik tomonidan “XXX” MChJ tegishli tarzda xabardor qilinmaganligi, chaqiruv xati yuborilmagani va ishtiroki taʼminlamagani, arizachi tomonidan qilingan ishlar joyiga borib oʻrganilmaganini maʼlum qildi. Garchand, Qonunning 59-moddasi toʻrtinchi qismida, maʼmuriy hujjat qonunchilikka muvofiq emas deb topilgan taqdirda, u maʼmuriy organ tomonidan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi kerakligi belgilangan boʻlsa-da, Qonunning 59-moddasi beshinchi va oltinchi qismiga koʻra, manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim boʻlgan hollarda, maʼmuriy hujjatni bekor qilish yoki oʻzgartirish masalasi sud tartibida koʻrib chiqilishini talab etadi. Sudda aniqlangan holatlar va toʻplangan hujjatlarga koʻra, manfaatdor “XXX” MChJ tomonidan 2017 yil 19 oktyabrdagi tuman hokimning Q-1839-sonli qarori kuchiga ishonib, unga ajratilgan 4,0 ga yer maydonida qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida eksport qilishga moʻljallangan ekinlar ekib, shartnoma asosida Rossiya Federatsiyasiga eksport qilib vijdonli harakat qilib kelgan. Biroq, Shoʻrchi tuman hokimligi amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda 2020 yil 26 martdagi Q-638-sonli qarorni qabul qilgan. Sud, yuqorida koʻrsatilgan qonun talablari va sudda aniqlangan ish holatlaridan kelib chiqib, Shoʻrchi tumani hokimining Q-638-sonli qarori bilan tuman hokimining 2017 yil 19 oktyabrdagi Q-1839-sonli qarorini bekor qilib, Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning bir qator talablariga rioya qilmasdan, arizachi “XXX” MChJning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzgan deb hisoblaydi hamda Shoʻrchi tuman hokimining 2020 yil 26 martdagi Q-638-sonli qarorini haqiqiy emas deb topib, Shoʻrchi tuman hokimligi faoliyatida qonunchilik hujjatlarining buzilgani aniqlanganligi sababli tuman hokimligi eʼtiboriga xususiy ajrim chiqarishni lozim topdi. Uchqun Samandarov, Termiz tumanlararo maʼmuriy sudi sudyasi.