Islohotlar samarasi
Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, aholining va tadbirkorlik subʼektlarining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustakamlash…
Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, aholining va tadbirkorlik subʼektlarining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustakamlash borasida izchil islohotlar olib borilmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 3-moddasiga koʻra, har qanday manfaatdor shaxs oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga (sudga) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.
Sudga murojaat qilish fuqarolik huquqiy munosabatlaridan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha – daʼvo arizasi shaklida amalga oshiriladi.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 1631-moddasida sudgacha majlis oʻtkazish tartibi belgilanganligini alohida taʼkidlab oʻtish joizdir.
Sudya fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha, bundan soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻriladigan ishlar mustasno, daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va ish qoʻzgʻatilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sudgacha majlis oʻtkazishi mumkin.
Oʻrinli savol tugʻiladi, sudgacha majlis oʻtkazish iqtisodiy sudlov ishlari ishtirokchilariga nima beradi.
Eng muhim jihat sudgacha majlisda ish yuritish toʻxtatib turilishi yoki tugatilishi, daʼvo arizasi koʻrmasdan qoldirilishi mumkin.
Bu ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi. Ishning holatlariga toʻgʻri baho berish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, sudgacha majlis oʻtkazish chogʻida sudya:
- daʼvogarni oʻzi arz qilgan talablarning mohiyati boʻyicha soʻroq qiladi, undan javobgar bildirishi mumkin boʻlgan eʼtirozlarni aniqlaydi va, agar bu zarur boʻlsa, daʼvogarga qoʻshimcha dalillar taqdim etishni taklif qiladi, shuningdek arz qilingan talablaridan voz kechish huquqini hamda voz kechishning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;
- ishning holatlari boʻyicha javobgarni soʻroq qiladi, daʼvogarning talablariga qarshi uning qanday eʼtirozlari borligini va bu eʼtirozlar qanday dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlaydi, shuningdek javobgarga daʼvogarning talablarini tan olish yoxud qarshi talablar qoʻzgʻatish huquqini tushuntiradi, javobgarga ish yuzasidan yozma tushuntirishlar taqdim etishni taklif qiladi;
- taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;
- ishning murakkabligini hisobga olgan holda sud muhokamasining prognoz qilinayotgan, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan iltimosnomalar va hujjatlarni sudga topshirish, guvohlar mavjud boʻlganda ularning roʻyxatlarini almashish muddatlarini nazarda tutuvchi jadvalini aniqlaydi.
Bir soʻz bilan aytganda, sud-huquq sohasida olib borilayotgan isloholatlardan koʻzlangan asosiy maqsad sud hokimyati nufuzini oshirish, odil sudlov samaradorligini taʼminlash orqali aholining va tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishdan iboratdir.
Jamshid Xomidov, Surxondaryo viloyat sudining
iqtisodiy ishlar boʻyicha
sudlov hayʼati raisi