Islom, ayol va hayot
Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni eʼzozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom koʻrsatib yashashel-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan. Buni muqaddas Qurʼoni karimning eng katta suralaridan biri — «Niso», yaʼni…
Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni
eʼzozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom
koʻrsatib yashashel-yurtimizga xos azaliy
qadriyatga aylangan. Buni muqaddas Qurʼoni karimning
eng katta suralaridan biri — «Niso»,
yaʼni «Ayollar» deb atalishi ham tasdiqlaydi.
Alloh taolo ushbu surada insonlarni
ayollarga adolatli munosabatda boʻlishga daʼvat etadi.
Shavkat Mirziyoyev
Islom dini ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jihatdan islomgacha boʻlgan arab jamiyatidagi diniy tushunchalarga va butun dunyodagi urf-odat va anʼanalardagi ayolga boʻlgan munosabatlarga inqilobiy oʻzgarishlar kiritdi. Taʼlimot nuqtai nazaridan esa, Islom ayol bilan bogʻliq asosiy muammolarni hal qila oldi hamda ilgʻor va inqilobiy saʼy-harakatlar bilan ayollar haqidagi xato va bir yoqlama fikrlarni oʻzgartirib, insoniyatning yarmini tashkil etuvchi ayol jinsini insoniyatga qaytadan taqdim etgani inkor etib boʻlmas haqiqatdir. Shuningdek, boshqalardan farqli ravishda Qurʼon karim farqli jismoniy va psixologik yaratilishlarga ega boʻlgan erkak va ayol bir-biridan ustun qoʻymaydi balki, ularni bir-birini toʻldiruvchilar sifatida koʻradi. Jumladan, Alloh taolo Qurʼoni karimnning “Baqara” surasining 187 oyatida “Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar” deb marhamat qiladi.
Qolaversa, Qurʼon karimda ayollarning erkaklarga nisbatan ikkinchi darajali emasligi ham taʼkidlanadi. Aslini olganda, Alloh taolo uchun odamlarning eng qadrlisi «taqvoda ustun boʻlgan»laridir:
Ey, insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir (Hujurot surasi 13 oyat).
Shuningdek yana bir jihat, erkak va ayollarga xitob qilingan Qurʼoni karimning «Ahzob» surasining 35 oyati alohida eʼtiborga molik:
Albatta, muslim va muslimalar, moʻmin va moʻminalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgoʻy erkaklar va rostgoʻy ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozuʼli (kamtar) erkaklar va tavozuʼli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, roʻza tutuvchi erkaklar va roʻza tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni koʻp zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni koʻp) zikr qiluvchi ayollar – ular uchun Alloh magʻfirat va ulugʻ mukofot (yaʼni, jannat)ni tayyorlab qoʻygandir.
Qurʼon karimda ayolga yaratilish, haq-huquqlar va masʼuliyat jihatidan erkaklar bilan teng munosabatda boʻlinadi. Ayol Allohning bandasi boʻlish borasida erkak bilan tengdir. Asosiy huquq va majburiyatlar nuqtai nazaridan ayollarning mavqei erkaklarnikidan farq qilmaydi. Islom huquqiga koʻra esa, erkak va ayol oʻrtasida yashash huquqi, ibodat, meros, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishda baʼzi juzʼiy farqlar bor. Ammo, eʼtiqod va fikrlash, turmush qurish va oila qurish huquqi, shaxsiy hayotining daxlsizligi kabi masalalarda erkaklar bilan teng huquqlidirlar.
Yuqoridagi misollardan maʼlum boʻladiki, islom ayolni mustaqil shaxs sifatida taʼriflaydi. Eri yoki boshqa birov tomonidan huquqlari buzilgan taqdirda, u adolatni taʼminlanishini talab qilishga haqlidir. Erkaklar har qanday sharoitda qonuniy harakat qilishlari mumkin boʻlsa, ayollar ham xuddi shunday huquqlari buzilganda buni qilishlari mumkin. Shuningdek, islom manbalarida xotin-qizlar, oʻzlariga tegishli mol-mulklariga ularning roziligisiz daxl qilingan taqdirga u haqida shikoyat qilishlari, kerak boʻlsa chora koʻrilishini talab qilishlari mumkinligi qayd etiladi. Taʼkidlash lozimki, Islomda ayol kishining ishlashi man qilinmagan, balki bu masala uning oilasining, jamiyatining manfaatlaridan kelib chiqib tartibga solingan. Hanafiy faqihlardan Kamoliddin ibn Humom: «Agar ayolning xotinlarga xos farzi kifoya ishda hunari boʻlsa, uning eri (ishga) chiqishidan man qila olmaydi», deganlar. Islomda ayol kishi hech bir toʻsqinliksiz ish va faoliyat bilan erkin shugʻullanishi mumkin. Biroq, u erkak kishi uning oʻrnini bosa olmaydigan oʻziga xos mavqeda qadrlanadi.
Qurʼoni karim axloqi bilan xulqlangan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollar haqidagi tushunchalari, albatta, ilohiy oyatlarga mos edi. Soliha ayolni dunyodagi eng qimmatli boyliklardan biri deb hisoblagan Paygʻambarimiz erkak va ayolni xuddi taroq tishlaridek teng koʻrganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida ayollarning eng avvalo inson ekanligini taʼkidlab, ularning haqqidan qoʻrqishga chaqirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning eng yaxshilaringiz – ahli ayoliga yaxshilik qiladiganingizdir» (Imom Termiziy rivoyati), dedilar. Eng eʼtiborli tomoni Rasulimiz alayhissalom ahli ayollariga eng goʻzal munosabatda boʻlib butun ummatga namuna boʻldilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: «Beva ayoldan maslahat soʻramay turib u nikohlanmaydi. Qiz boladan izn olinmay turib u nikohlanmaydi» (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilishgan), dedilar.
Bir kuni, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga bir qiz kelib: “Otam oʻzining hurmati uchun men rozi boʻlmasamda meni ukasining oʻgʻliga nikohlab bermoqchi”, deya shikoyat qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darrov qizning otasini chaqirib, uning ixtiyorisiz uylanishga majburlay olmasligini, nikoh rizoligini qizning ixtiyoriga qoʻyib berishini aytdilar. Qiz: «Men otam qilgan ishni qabul qildim. Mening niyatim otamga qarshilik qilish emas edi. Otaning qizini birovga berish haqidagi islomning hukmini bilmoqchi edim. Shu niyat bilan keldim» dedi (Imom Nasoiy rivoyati). Bu bizga shuni koʻrsatadiki, qisqa vaqt oldin xoʻrlangan va hatto tiriklayin koʻmilishga mahkum qizlardan biri endi, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, turmushga chiqishda uning roziligi olinishi kerakligi borasida bemalol soʻray olmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam butun hayotlari davomida erkak yoki ayol deya ajratmasdan musulmonlarning taʼlim va tarbiyasiga birdek qaradilar va shunga targʻib qildilar. Paygʻambarimiz vafotlaridan keyin, ayniqsa Oisha onamizning tafsir, hadis va boshqa ilm sohalarida nufuzli mavqega ega boʻlganlari, siyosiy-ijtimoiy masalalarda fikri eʼtiborli shaxs sifatida alohida ajralib turgani diqqatga sazovordir. Qolaversa, xalifalarni saylashda, hatto ularning boshqaruvi va harakatlarini yaqindan kuzatib, kerak boʻlganda xatolarini eslatib, shu doirada tavsiya va takliflar bildirishda ham samarali faoliyat yuritganlar.
Islom dini ayollarga eʼtibor va ayol huquqlari borasida insoniyatga juda katta namuna taqdim etdi. Dinimizda ayollarni qadrlash, ularni asrab-avaylash qattiq targʻib qilingan amaldir. Chunki ular – onalarimiz, juftlarimiz va singillarimizdir. Musulmon adabiyotining yirik shoirlaridan biri Muhammad Iqbol Lohuri quyidagi bir baytida shunday deydi:
Jahonro muhkami az ummahot ast,
Nihodi shon amini koinot ast.
Agar in nuktaro qavme nadonad,
Nizomi koru borash be subot ast.
Maʼnosi: Dunyoning barqarorligi onalar bilandir, ularning (goʻzal) fitrati ila koinotimiz omondir. Qaysi bir qavm agar buni anglamasa, Uning butun ishi va nizomi butkul befoydadir.
Umuman olganda inson huquqlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotgan yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini taʼminlash, ularning haq-huquqlarini taʼminlashda barcha huquqiy asoslar, shart-sharoitlar mavjud. Goʻzal Oʻzbekistonimizning farovonligi, obodligi, farzandlarimizning barkamolligi har jihatdan ayollarga ham bogʻliq.
Muzaffarxon Joniyev
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Hadisshunoslik boʻlimi boshligʻi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)