Jahon banki Oʻzbekistonga maxsus imtiyozli shartlarda 800 million dollar kredit ajratadi
Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonda rivojlanish siyosatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha operatsiyani maʼqulladi. Bu haqda Bank Matbuot xizmati xabar berdi. Ushbu turdagi operatsiya Jahon bankining dunyoning turli…
Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonda rivojlanish siyosatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha operatsiyani maʼqulladi. Bu haqda Bank Matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu turdagi operatsiya Jahon bankining dunyoning turli mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan maxsus moliyaviy vositasi hisoblanadi. Operatsiya doirasida mamlakat hukumatiga ijtimoiy, iqtisodiy va iqlim oʻzgarishi sohalaridagi islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirish uchun moliyaviy yordam koʻrsatiladi.
Jahon bankining yangi operatsiyasi hukumat kun tartibidagi asosiy ustuvor vazifalar, jumladan, qishloq xoʻjaligi, temir yoʻl, kimyo sanoati va energetika kabi muhim tarmoqlarda davlat nazoratini kamaytirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Koʻriladigan chora-tadbirlar xususiy sektorning ushbu tarmoqlarni rivojlantirishda yanada faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, ushbu operatsiya aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga hamda iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq muammolarga yechim topishga yordam beradi.
Operatsiya doirasida Jahon banki hukumatga maxsus imtiyozli shartlar asosida 800 million AQSh dollari miqdorida kreditlar shaklida moliyaviy yordam beradi. Ushbu mablagʻlar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida hozirgi kunda mavjud boʻlgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkasida va uzoqroq muddatga taqdim etiladi. Natijada Oʻzbekiston uchun kredit mablagʻlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar sezilarli darajada kamayadi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatga muhim moliyaviy resurslarni tejash imkonini beradi, tejalgan mablagʻlardan ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish uchun foydalanish mumkin.