Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish afzalliklari yoxud rasmiylashtirmaslik oqibatlari
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlariga tegishli qonuniy yer uchastkasiga va koʻchmas mulklariga oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qiladilar, undan foydalanadilar, tasarruf etish, mulklarini himoya qilish huquqiga egadirlar.…
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlariga tegishli qonuniy yer uchastkasiga va koʻchmas mulklariga oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qiladilar, undan foydalanadilar, tasarruf etish, mulklarini himoya qilish huquqiga egadirlar.
Oʻzbekiston Respublikasi “Er kodeksi”ning 31-moddasida “Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga boʻlgan huquqi joyning oʻzida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga boʻlgan huquq davlat roʻyxatiga olinganidan keyin vujudga kelishi” belgilab qoʻyilgan.
Yer uchastkalari va koʻchmas mulklarga boʻlgan huquqlar Oʻzbekiston Respublikasining 2022 yil 28 noyabridagi “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 803-sonli qonuni bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq davlat roʻyhatidan oʻtkaziladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlariga tegishli yer maydonlari va koʻchmas mulklarni belgilangan tartibda davlat roʻyhatidan oʻtkazgan taqdirdagina koʻchmas mulkni tasarruf etish, oldi-sotdi qilish, xadya qilish, meros qoldirish hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqning buzilishi toʻgʻrisida sud organlariga daʼvo qilish vakolatiga ega boʻladilar.
Bundan tashqari yer uchastkalarini davlat va jamoat extiyojlari uchun olib qoʻyish jarayonida olib qoʻyilayotgan yer maydoniga teng miqdordagi yer hamda koʻchmas mulklari va dov-daraxtlariga bozor qiymatidagi narxni talab qilish huquqiga ega boʻladilar.
Yuridik va jismoniy shaxslardan yer uchastkalari va koʻchmas mulklariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyhatidan oʻtkazish uchun huquqiy hujjatlarni ilova qilgan holda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkin.
Yer uchastkalari va koʻchmas mulklarga boʻlgan huquqlarni oʻz vaqtida davlat roʻyhatidan oʻtkazmaslik Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 681-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Soliq kodeksi”ning 437-moddasiga asosan yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida hisoblanishiga sabab boʻladi.
Hurmatli fuqarolar oʻzingizga qonuniy tegishli boʻlgan yer uchastkalari va koʻchmas mulklarni oʻz vaqtida davlat roʻyhatidan oʻtkazishni unutmang!
Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi Boshligʻi Sharmardanov Sobir Xoʻshboqovich.