Korruptsiyaga qarshi kurashish – asosiy maqsadimizdir.
Korruptsiya nima? Bu haqda hammaning oʻziga xos tasavvuri, tushunchasi bor, albatta. Qonunda unga shunday taʼrif berilgan: «korruptsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning…
Korruptsiya nima? Bu haqda hammaning oʻziga xos tasavvuri, tushunchasi bor, albatta. Qonunda unga shunday taʼrif berilgan: «korruptsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xudi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish».
Qonunda korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qoʻyish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar aniq belgilab qoʻyilgan.
Mazkur qonun bilan yaqindan tanishish, uning har bir moddasini chuqur oʻrganib, hayotimizga tatbiq etishga intilish, sodda qilib aytganda, korruptsiya balosining naqadar mudhish illat ekanini tushunish, mustaqil idrok etish, eng muhimi, unga qarshi kurashish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Dunyoda korruptsiyaning turi ham, tavsifi ham juda koʻp. Uning kelib chiqish sabablarini ochish, unga qarshi kurashishning samarali yoʻllarini topish boʻyicha olimlar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar oʻtkazilgan. Turli koʻrsatkich va raqamlar aks etgan jadvallar yaratilgan, oʻziga xos reytinglar tuzilgan. Hatto korruptsiyaning xilma-xil formulalari ham ishlab chiqilgan. Bu boradagi ishlar va izlanishlar izchil davom etmoqda.
Ijtimoiy-tarixiy vaziyat, fuqarolarning huquqiy dunyoqarashi, davlat tuzilishi, iqtisodiy rivojlanish omillaridan kelib chiqib, har bir davlat korruptsiyaga qarshi oʻziga xos usullarda kurashmoqda. Bu borada eng samarali yoʻl hali topilgan emas. Chunki korruptsiya bir qarashda oddiy jinoyat boʻlib koʻringani bilan aslida uning kelib chiqishi va yashovchanlik sabablari juda chigal va murakkabdir.
Bir davlatda natija bergan usul boshqa davlatda u qadar samara koʻrsatmasligi mumkin. Shuning uchun har bir davlat va jamiyat korruptsiyaga qarshi kurashish yoʻlini oʻzi tanlaydi, aniqrogʻi, qanday yoʻl toʻgʻri ekanini hayot koʻrsatadi. Qonunda korruptsiyaga qarshi kurashni keng qamrovda olib borish choralari koʻzda tutilgani, bu borada har bir masalaga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas.
Korruptsiya soʻzi «sotish», «sotilish» degan maʼnolarni ham anglatar ekan. Rahbar yoki masʼul kishi qanday qilib korruptsiyaga qoʻl uradi? Bunga qanday omillar sabab boʻladi?.. Bu savollarga javob har xil boʻlishi mumkin. Lekin shunisi aniqki, sotadigan, sotiladigan odam hech bir vazifani koʻngildan bajarmaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Hujjat korruptsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obroʻ-eʼtiborini oshirishga qaratilgan.
Farmonda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari oʻrta muddatli istiqbolda quyidagilardan, yaʼni:
sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish shart-sharoitlarini istisno etish;
davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga koʻtarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish, ular uchun cheklovlar, taqiqlashlar, ragʻbatlantirish choralari hamda korruptsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq roʻyxatini belgilash;
davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va ularning ish haqi yetarli darajada boʻlishini taʼminlash, shuningdek, davlat xizmatini oʻtashda manfaatlar toʻqnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
korruptsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklar toʻgʻrisida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish;
Davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish;
fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini taʼminlash va ularni korruptsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, oʻtkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilishdan iborat ekani belgilandi.
Soʻnggi vaqtlarda jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalarini yanada jadal rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qonunlar, Prezident qaror va farmonlari ana shu ezgu maqsadga qaratilganligini anglash qiyin emas. Turizmni rivojlantirish, dunyoning koʻplab davlatlaridan yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun viza rejimini bekor qilish yoki sud-huquq tizimini takomillashtirish, sudlarning haqiqiy mustaqilligini taʼminlash yoxud tadbirkorlikka keng erkinlik berish, turli byurokratik toʻsiq va gʻovlarni yoʻq qilish haqidagi hamda boshqa bir qancha qaror va farmonlar odamlarning yoʻlini ochishga, Oʻzbekistonimizning jozibasini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun bu boradagi islohotlar yanada izchil tus olishiga sharoit yaratmoqda, bu esa xalqimizda katta umid uygʻotmoqda. Zero, korruptsiyaga qarshi kurashish tom maʼnoda barchamizning burchimizdir.
A.Raxmatov,
jinoyat ishlari boʻyicha Boysun tuman sudining raisi J.Xursandov,
jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining sudyasi