Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Korruptsiyaga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir

Korruptsiya bir davlat emas, balki butun bir mintaqa yoki jahon taraqqiyotiga tahdid soluvchi illatdir. Korruptsiya, eng avvalo, inson huquqlarini taʼminlashga monelik qilib, ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqaradi. Erkin bozor…

Korruptsiyaga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir

Korruptsiya bir davlat emas, balki butun bir mintaqa yoki jahon taraqqiyotiga tahdid soluvchi illatdir.
Korruptsiya, eng avvalo, inson huquqlarini taʼminlashga monelik qilib, ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqaradi. Erkin bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga, hayot darajasining pasayishiga olib keladi. Shu bilan bir qatorda korruptsiya fuqarolarning davlat boshqaruvi idoralariga boʻlgan ishonchi yoʻqolishiga olib kelib, uyushgan jinoyatchilikning avj olishiga zamin yaratadi va insonlarning xavfsizligiga tahdid soladi.
Korruptsiya mavzusi keyingi paytda dolzarb ahamiyat kasb etgani hech kimga sir emas. Mazkur illatga nisbatan odamlarda koʻnikma shakllanib qolishining oldini olish va unga qarshi kurashning samarali yoʻllarini topish bu borada asosiy maqsad hisoblanadi.
Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Xususan, 1997 yili qabul qilingan Milliy xavfsizlik kontseptsiyasida korruptsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri deya eʼtirof etildi. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturida ham korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari belgilangan.
Oʻzbekiston 2008 yil 7 iyulda BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasiga (Nyu-york, 2003 yil 31 oktyabr), 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korruptsiyaga qarshi kurashishning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qoʻshilgan.
Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 3 yanvarida «Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonunni imzoladi. Qonunning 4-moddasida korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy printsiplari qonuniylik; fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi; ochiqlik va shaffoflik; tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi; korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi; javobgarlikning muqarrarligi belgilangan.
Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish; davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish; korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini taʼminlashdan iboratdir.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, korrupiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishda davlat organlari bilan jamoatchilikning mustahkam hamkorligi, xususan, jamoatchilik nazorati talab etiladi.
Jamoatchilik nazorati davlat organlari faoliyatining qonuniyligini taʼminlash, davlat organlari va mansabdorlari inson xuquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlovchi qonun hujjatlariga rioya etmagan holatlarni aniqlashga qaratilgan, jamoatchilik nazorati subʼektlari tomonidan qonun doirasida olib boriladigan chora-tadbirlar majmuidir.
Korruptsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning masslasiga aylanishi kerak. «Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonunda ham aholining huquqiy ongini yuksaltirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, fuqarolarning faolligi, ijtimoiy hodisalarga befarq emasligi hamda har bir davlat xizmatchisining oʻz faoliyati jamoatchilik nazoratida ekanini chuqur his etishi korruptsiyaga qarshi kurashishning muhim shartidir.

Fuqarolik ishlari boʻyicha
Denov tumanlararo sudi raisi:- F.Allayorov

Mavzuga oid