Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini tadbiq etilishida vujudga keladigan masalalar

Kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar ijrosini taʼminlash usuli hisoblangan kafillik, garov shartnomadagi va kafolatdagi taraflar hamda uchinchi shaxslar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi…

Kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar ijrosini taʼminlash usuli hisoblangan kafillik, garov shartnomadagi va kafolatdagi taraflar hamda uchinchi shaxslar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Garov toʻgʻrisida”gi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Shu bois sudlar kredit tashkilotlari va qarz oluvchilarning taraflarni kredit shartnomasini bajarishga majburlash toʻgʻrisidagi daʼvolarini koʻrishda taraflarning tuzilgan ushbu shartnoma boʻyicha huquq va majburiyatlari vujudga kelgan paytni inobatga olishadi

Odatda, Kafillik shartnomasi boshqa shaxsning kreditori va kafil oʻrtasida tuziladi, Kafillik shartnomasi boʻyicha majburiyatning mazmuni qarzdor asosiy majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda kafilning qarzdor bilan birga kreditor oldida javob berish majburiyati hisoblanadi.

Kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 292-moddasiga koʻra, kafillik shartnomasi boʻyicha kafil boshqa shaxs oʻz majburiyatini toʻla yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni oʻz zimmasiga oladi.

Amaliyotdan bir misol. Daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi ATB “Qishloq qurilish bank” Surxondaryo mintaqaviy filiali manfaatlarini koʻzlab javobgarlar M.E. va “X.M.G.” MChJga nisbatan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, unda kredit va kredit foizi qarzini undirishni soʻragan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudining 2021 yil 7 yanvardagi hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvo qanoatlantirilgan.

Unga koʻra, javobgarlar M.E. va “X.M.G.” MChJlardan daʼvogar ATB “Qishloq qurilish bank” Surxondaryo mintaqaviy filiali foydasiga 20.000.000 soʻm asosiy kredit qarzi, 8.215.251 soʻm kredit foizi toʻlovi, 15.610 soʻm sud xarajati va davlat foydasiga 1.128.610 soʻm davlat boji undirilgan.

Aniqlanishicha,ATB “Qishloq qurilish bank” Surxondaryo mintaqaviy filiali bilan javobgar M.E. oʻrtasida tuzilgan 2019 yil 29 iyundagi kredit shartnomasiga koʻra, bank tomonidan javobgar M.E.ga isteʼmolchi tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) haqini toʻlash maqsadida
60 oy muddatga, yillik 28 foiz ustama haq toʻlash sharti bilan
20.000.000 soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilgan.

Mazkur kredit shartnomasining taʼminoti sifatida kredit asosiy qarzi va foizlarini qaytarish uchun “X.M.G.” MChJning kafilligi qabul qilingan.  

“X.M.G.” MChJ kafillik shartnomasi tuzilganligi va uning oqibatlaridan norozilik bildirgan boʻlsa-da, oʻzining vajlarini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmagan.

Chunki, taraflar oʻrtasida kafillik alohida shartnoma shaklida rasmiylashtirilgan boʻlib, shartnoma kreditor, qarzdor va kafil tomonidan imzolangan. Taraflar oʻrtasida tuzilgan kafillik shartnomasi esa bekor qilinmagan.

Yuqoridagilarga koʻra, birinchi instantsiya sudi daʼvoniqanoatlantirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.

Muxtasar qilib aytganda, kredit munosabatlari jarayonida amaldagi qonun talablariga toʻliq rioya etilishi taraflar oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli nizolarning oldini olgan boʻladi.

Sherzod Eliyev,  Surxondaryo viloyat sudi sudyasi 

Mavzuga oid