Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda banklar tomonidan berilayotgan kreditlarning ahamiyati beqiyos. Bu oʻz oʻrnida fuqarolarimizga ajratilayotgan kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanish bilan bir…
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda banklar tomonidan berilayotgan kreditlarning ahamiyati beqiyos.
Bu oʻz oʻrnida fuqarolarimizga ajratilayotgan kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanish bilan bir qatorda, kredit shartnomasi orqali zimmasiga yuklatilgan burch va majburiyatlarini oʻz vaqtida ado etishlarini taqozo etadi.
Shu bilan bir qatorda kredit shartnomasida belgilangan majburiyatlar belgilangan tartibda va muddatda bajarilmasligi oqibatida sudga kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan murojaatlar koʻpaygan.
Sudlar tomonidan kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda majburiyatlar ijrosini taʼminlash usuli hisoblangan kafillik, garov shartnomadagi va kafolatdagi taraflar hamda uchinchi shaxslar oʻrtasidagi huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi «Garov toʻgʻrisida»gi, «Ipoteka toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari qoʻllaniladi.
Bank yoki boshqa kredit tashkiloti va qarz oluvchi oʻrtasida kredit shartnomasidan kelib chiqadigan huquqiy munosabat kredit tashkilotining keyinchalik, kelishilgan muddatlarda, kredit berish (kredit liniyasini ochish) majburiyatini va qarz oluvchining olingan kreditni qaytarish va u boʻyicha foizlarni toʻlash majburiyatini oʻz ichiga oladi.
Kredit shartnomasi sud tartibida taraflardan birining talabi bilan boshqa taraf tomonidan shartnoma shartlari jiddiy ravishda buzilganda yoki vaziyat jiddiy oʻzgarganda, shuningdek qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Sudlar kredit summalarini muddatidan oldin undirish toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisidagi talabning yoʻqligi kredit summasi va foizlarni muddatidan oldin undirish haqidagi talablarni qanoatlantirishni rad etish uchun asos hisoblanmasligini eʼtiborga oladi.
Kredit summalari va foizlarni qaytarish toʻgʻrisidagi daʼvo qanoatlantirilganda bir vaqtning oʻzida kredit shartnomasida nazarda tutilgan va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan neustoyka ham undirilishi mumkin, agar uni undirish talab qilingan boʻlsa.
Muqaddam kechiktirilgan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari sudlar tomonidan kredit shartnomasida belgilangan shartlar boʻyicha qoʻllaniladi. Agar kredit shartnomasida majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari koʻrsatilmagan boʻlsa, kredit tashkilotlari Fuqarolik kodeksining 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq javobgarlik choralarini qoʻllashni talab qilishga haqlidir.
Fuqarolik kodeksining 736-moddasi birinchi qismiga muvofiq, agar qonun hujjatlarida yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda Fuqarolik kodeksining 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar toʻlangan boʻlishidan qatʼi nazar, qarz qaytarib berilishi kerak boʻlgan kundan boshlab to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan Fuqarolik kodeksining 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar toʻlanishi kerak.
Qonun hujjatlarining mazmuniga koʻra, qonun boʻyicha har qanday haqiqiy majburiyat garov bilan taʼminlanishi mumkin. Fuqarolik muomalasidan chiqarilmagan, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishiga yoʻl qoʻyiladigan har qanday mol-mulk (korxona, bino, inshoot, jihoz, boshqa ishlab chiqarish jamlamalari, qimmatbaho qogʻozlar, pul mablagʻlari, mulkiy huquqlar va hokazo) garov narsasi boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, garov huquqi shartnoma bilan garovga qoʻyuvchining mulki (toʻla xoʻjalik yuritishi)ga kelgusida qoʻshiladigan mol-mulkiga ham tatbiq etilishi mumkin.
Garov narsasi boʻlgan mulkni garovga oluvchining egaligiga topshirish imkoniyatini koʻzda tutuvchi har qanday kelishuvlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek garov bilan taʼminlangan majburiyatning voz kechish haqi yoki yangilanishi sifatida malakalanishi mumkin boʻlgan kelishuvlar bundan mustasno.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, garovga qoʻyilgan mol-mulkning kim oshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosi sud qarori bilan belgilanmaydi. Shunga koʻra, agar daʼvo arizasida garovga qoʻyilgan mol-mulkning kim oshdi savdosi boshlanadigan vaqtdagi boshlangʻich sotish bahosini belgilash haqida talab mavjud boʻlsa, sud hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ushbu mol-mulk garov (ipoteka) toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan narx boʻyicha realizatsiya qilinishi toʻgʻrisida tushuntirish berishi lozim.
Fuqarolik kodeksining 281-moddasi yettinchi qismiga koʻra, agar garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplashga yetarli boʻlmasa, u qonunda yoki shartnomada boshqacha koʻrsatma boʻlmaganida, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.
Sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, kreditorning asosiy shartnoma boʻyicha qarzdor boʻlmagan garovga beruvchiga talabi garov narsasining sotilishidan tushgan summa bilan chegaralanadi,
Garov narsasining bu mol-mulk ishonib topshirilgan shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda, shu jumladan kreditor (garovga oluvchi)ning roziligisiz tasarruf etilishi natijasida unga zarar yetkazilganligi holati aniqlanganda sudlar qonunda belgilangan tartibda choralarni koʻrishlari lozim.
Kafillik – uchinchi shaxsning boshqa shaxs kreditori oldidagi mazkur shaxsning kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlari boʻyicha toʻla yoki qisman javobgar boʻlish majburiyatidir.
Kafillik shartnomasi boshqa shaxsning kreditori va kafil oʻrtasida tuziladi, Kafillik shartnomasi boʻyicha majburiyatning mazmuni qarzdor asosiy majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda kafilning qarzdor bilan birga kreditor oldida javob berish majburiyati hisoblanadi. Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar, qarzni undirib olish boʻyicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor koʻrgan boshqa zararlarni toʻlaydi.
Agar asosiy majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan va belgilanishi mumkin boʻlmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilangan boʻlsa, kreditor kafillik shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yil mobaynida kafilga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatmagan taqdirda kafillik bekor boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, majburiyatlar oʻz vaqtida toʻliq ado etilsa, kelgusida bu kabi kelib chiqadigan nizolarning oldi olingan boʻladi.
Surxondaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Bahodir Djumayev
Fuqarolik ishlari boʻyicha Termiz tumanlararo sudi sudyasi Zuxriddin Mavlonov