Manfaatlar toʻqnashuvi yoki suiisteʼmollik tizimli kurashni talab qiladi
Maʼlumki, joriy yilning 5 iyun sanasida Oʻzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida»gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob 33 ta moddadan iborat boʻlib, unda umumiy qoidalar, manfaatlar toʻqnashuvi…
Maʼlumki, joriy yilning 5 iyun sanasida Oʻzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida»gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob 33 ta moddadan iborat boʻlib, unda umumiy qoidalar, manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish, manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishga va manfaatlar toʻqnashuvini aniqlashga doir choralar, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha koʻrilgan choralarni koʻrib chiqish va tekshirish va yakunlovchi qoidalarga oid normalar aks etgan.
Qonunning 3-moddasida asosiy tushunchalar yoritilgan va unga koʻra manfaatlar toʻqnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar toʻqnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan (ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi) vaziyat deb taʼriflangan.
Manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishning asosiy printsiplari sifatida qonuniylik; fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning va davlatning qonuniy manfaatlari ustuvorligi; ochiqlik va shaffoflik; xolislik; korruptsiyaga nisbatan murosasizlik qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi ekanligi taʼkidlangan.
Qonunning 20-moddasiga muvofiq, manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash quyidagi manbalardan olingan maʼlumotlarni oʻrganish orqali amalga oshiriladi:
ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyadan;
davlat xaridlari jarayonida olingan takliflardan, xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalaridan, tuzilgan shartnomalardan;
jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatidagi mavjud manfaatlar toʻqnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi murojaatlaridan yoki xabarlaridan;
tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) roʻyxatlaridan;
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik subʼektlarini roʻyxatdan oʻtkazish modulidan;
«FHDY Yagona elektron arxivi» axborot tizimidan;
«Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo apparat-dasturiy majmuidan;
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysidan;
maxsus vakolatli davlat organi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha kiritilgan taqdimnomadan.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida»gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish, ushbu Qonun bilan belgilangan talablarni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etishda xodimlarning huquq va manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga oid huquqiy tartibotlarning mazmun-mohiyatini davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va keng jamoatchilikka tushuntirish orqali mazkur Qonunni amalga kiritishga har tomonlama va puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2024 yil 5 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida»gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgrisida”gi PQ-210-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Qonun bilan oʻrnatilgan talablar va mexanizmlarni davlat organlari va tashkilotlarida samarali joriy etish, bu jarayonda xodimlarning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash hamda ular uchun zarur tushuntirish ishlarini olib borish davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining «Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida»gi Qonuni ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlangan.
Quyidagilar Respublika idoralararo komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilangan.
davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash mexanizmlarini samarali joriy etish imkoniyatlarini tahlil qilish;
davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuviga sabab boʻluvchi holatlarni oʻrganish, ularni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka muvofiq boʻlgan choralarning koʻrilishida yagona amaliyotni shakllantirish;
davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari, savdo platformalari va boshqa dasturiy taʼminotlari Qonun bilan belgilangan talablarga muvofiq takomillashtirilishini taʼminlash;
korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish hamda hamkorligini rivojlantirish choralarini koʻrish;
jamiyatda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish boʻyicha huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish.
Belgilansinki, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari hisoblanadi.
Shuningdek, qarorda Qonun kuchga kirguniga qadar va Qonun kuchga kirganidan keyin amalga jshirilishi lozim boʻlgan vazifalar birma-bir belgilab berilgan.
2024 yil 1-oktabrga qadar xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestri, mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.
Surxondaryo viloyat sudining
jinoyat ishlari boʻyicha sudyasi O.Ergashev