Maqsadsiz sarflangan kredit qarzdorligi undirildi
Bandixonlik yakka tartibdagi tadbirkor Xaroqul Joʻrayev (ism-shariflar oʻzgartirildi) kredit toʻlovlari bilan bogʻliq muammolarni yuzaga keltirgani bois, ushbu masala Fuqarolik ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tumanlararo sudida…
Bandixonlik yakka tartibdagi tadbirkor Xaroqul Joʻrayev (ism-shariflar oʻzgartirildi) kredit toʻlovlari bilan bogʻliq muammolarni yuzaga keltirgani bois, ushbu masala Fuqarolik ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tumanlararo sudida atroflicha koʻrib chiqilib, tegishli xal qiluv qaror qabul qilindi. Oʻz vaqtida toʻlanmagan jami 182 million 630 ming soʻm kredit qarzdorligini undirish hamda undiruvni garov mulklariga qaratish belgilandi.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Bandixon tuman boʻlimi ish yurituviga qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida» gi Qonunning tegishli moddalariga asosan YaTT rahbariga ixtiyoriy muddat belgilab berildi.
Belgilangan ixtiyoriy muddatda ijro hujjati talablari bajarilmaganligi bois, garov mulki hisoblangan Qiziriq tumani “Bektepa” maxallasida joylashgan “Goʻsht” savdo doʻkoni xatlovga olinib, onlayn auktsion savdolari chiqarildi. Ushbu savdo doʻkoniga xaridor topilmaganligi sababli 112 million 500 ming soʻm hisobida bank ixtiyoriga topshirildi.
Shuningdek, ikkinchi garov mulki hisoblangan 2017 yilda ishlab chiqarilgan “Lasetti” rusmli avto mashinaga nisbatan eʼlon qilingan qidiruv natijalariga koʻra avtomashina tuman hududidan topilib, xatlovga olindi.
Natijada, avtomashinasidan ayrilishni istamagan qarzdor YaTT rahbari qolgan kredit qarzdorligini toʻliq toʻlab berdi hamda ijro hujjati belgilangan tartibda ish yurituvdan tamomlandi.
Akmal Xursandov,
Byuroning Bandixon tuman boʻlimi davlat ijrochisi.