Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish – taraqqiyotni taʼminlash omili
Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnilik, doʻstona, oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash siyosati savdo-iqtisodiy, kooperatsiya, investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida transport…
Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnilik, doʻstona, oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash siyosati savdo-iqtisodiy, kooperatsiya, investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida transport logistikasi sohasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ishonchli zamin yaratdi, deb yozmoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov.
Xorijiy davlatlar, xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatdagi ustuvor yoʻnalishlari faollashganini Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Prezidenti sifatida ish boshlagan davr bilan bogʻlashadi. Bu jarayonda Oʻzbekiston yetakchisining amaliy harakatlari va tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etayotgani eʼtirof etiladi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlash yoʻlida yuritayotgan tashqi siyosati, avvalo, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni taʼminladi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston, shuningdek, mintaqamizning investitsion jozibadorligiga yoʻl ochdi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga soʻnggi Murojaatnomasining tashqi siyosat boʻlimida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat yetakchisi tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlash alohida eʼtiborda boʻlishini taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtgan yili Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etilib, joriy yil 15-16 iyul kunlari poytaxtimizda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuida yuqori darajadagi xalqaro konferentsiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining yillik maslahat uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusi ham mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Birinchi shunday uchrashuv 2018 yili Nursultonda, ikkinchisi 2019 yili Toshkentda oʻtkazilgan boʻlsa, uchinchisi pandemiya sabab 2021 yilga qoldirilgan.
Shunisi ahamiyatliki, davlatimiz rahbari ilk xorijiy tashriflarini 2017 yilning mart oyida Markaziy Osiyo davlatlaridan boshladi: avval Turkmaniston va Qozogʻiston, soʻng Qirgʻiziston va Tojikistonga tashriflar amalga oshirildi. Ushbu tashriflar chogʻida biznes forumlar oʻtkazilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo bitimlarning salmoqli paketlari imzolandi. Bu esa Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo-sotiq, kooperatsion aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi. Bundan tashqari, qoʻshni davlatlarning Oʻzbekiston bilan chegaradosh hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish va mintaqaviy iqtisodiy forumlar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Oʻzbekistonga javob tashriflari esa koʻp tomonlama hamkorlik poydevorini yanada mustahkamladi hamda iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirdi.
Birgina 2021 yilning mart oyida Qirgʻiziston rahbari Oʻzbekistonga, shu yil iyun oyida esa mamlakatimiz rahbari Tojikistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar chogʻida sanoat kooperatsiyasi yoʻli bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yirik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish va qoʻshma ishlab chiqarish obʼektlarini yaratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Xususan, keyingi yillarda Qirgʻiziston va Tojikiston bilan oʻzaro tovar aylanmani ikki baravar koʻpaytirish maqsadlari qoʻyilib, Oʻzbekistonda suv taʼminotini sezilarli darajada yaxshilaydigan gidroenergetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Mahsulotlarimizni Markaziy Osiyo bozorlarida targʻib qilish maqsadida qoʻshni davlatlarda Oʻzbekiston savdo uylari ochila boshladi.
Shu tariqa Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnilik, doʻstona, oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash siyosati savdo-iqtisodiy, kooperatsiya, investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida transport logistikasi sohasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ishonchli zamin yaratdi.
Pirovardida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan 2016 yildan 2019 yilgacha boʻlgan savdo aylanmasi 2 barobardan ziyod oshib, 2,5 milliard dollardan 5,2 milliard dollargacha oʻsdi.
Oʻsish koʻrsatkichi Qozogʻiston bilan – 1,8, Qirgʻiziston bilan – 5, Turkmaniston bilan – 2,7 va Tojikiston bilan – 2,4 barobarni tashkil etdi.
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan umumiy savdo aylanmasidagi ulushi hajmi ham 10,2 dan 12,4 foizga oshdi.
Manba: Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumoti
Koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiy faollikning umumiy susayishi sabab 2020 yil yakunlariga koʻra Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi qisman, yaʼni 2019 yildagiga nisbatan 5,4 foiz pasaydi, biroq Oʻzbekistonning umumiy tovar aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi 12,4 foizdan 13,6 foizga oshdi.
2021 yil yanvar-aprel oylarida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 24 foiz oʻsdi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning umumiy tovar aylanmasida Markaziy Osiyo mamlakatlari ulushi 17,2 foiz ortdi. Bu mamlakatimizda ichki mintaqaviy savdo-sotiqning kengayganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozogʻiston ulushi Oʻzbekiston tovar aylanmasining eng katta hajmiga ega. 2020 yilda Oʻzbekiston bilan mintaqaviy tovar aylanmasida Qozogʻistonning ulushi 61, Qirgʻizistonniki 18,2, Turkmaniston ulushi 10,6, Tojikiston ulushi esa 10,1 foizni tashkil etdi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasing eng asosiy koʻrsatkichi eksport hajmi boʻlib, bunda eksport qilinayotgan tovarlarning chet el bozorlarida kirib borish imkoniyatlarni hamda ularning raqobatbardoshlik darajasini koʻrsatadi.
2016 yildan 2019 yilgacha Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti qariyb 2 barobardan yoki 1,3 milliard dollardan 2,5 milliard dollargacha va Oʻzbekiston umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi 10,8 dan 14,5 foizga oʻsdi. Shuningdek, eksport hajmi Qozogʻistonga – 1,5, Qirgʻizistonga – 5,5, Tojikistonga – 2, Turkmanistonga 1,8 baravar oshdi. Koronavirus pandemiyasiga qaramay, 2020 yilda Qirgʻiziston va Tojikistonga eksport mos ravishda 13 hamda 23,5 foiz koʻpaydi.
2021 yilning yanvar-aprel oylari yakunlariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz oshdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi sezilarli – 19,9 foiz oshdi, yaʼni eksportning deyarli beshdan bir qismi mintaqa mamlakatlariga toʻgʻri keldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlariga asosan qayta ishlash sanoatining tayyor mahsulotlari eksport qilinishini hisobga olsak, yetkazib beriladigan xomashyo eksportini hisobga olmagan taqdirda ham mintaqa davlatlarining umumiy eksport hajmidagi ulushi ancha yuqori boʻladi.
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo (MO) mamlakatlariga eksporti dinamikasi (mln. dollar)
2020 yil yakunlariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlariga 454 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yoki sohadagi umumiy eksportning 45 foizi, 365 million dollarlik toʻqimachilik tovarlari yoki ushbu mahsulotlar umumiy eksportining 20 foizi yetkazib berildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlariga qariyb 150 million dollarlik yengil avtomobillar eksport qilingan, bu esa barcha avtomobillar eksportning 85 foizidan ortiqdir. Shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlar ichida yengil avtomobillar eksport ulushining asosiy qismi Qozogʻistonga toʻgʻri keldi.
Shuningdek, eksport qilinayotgan elektrotexnika mahsulotlarining 20 foizga yaqini Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berilmoqda va mintaqa bozorlari ayrim tovar pozitsiyalari, xususan, maishiy texnika uchun “qaynoq manzil” hisoblanadi. Masalan, 2020 yilda mahalliy “Artel” kompaniyasi mahsulotlarining Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi yarim avtomatik kir yuvish mashinalari bozoridagi ulushi 50, Tojikistonda 70 foizga, oshxona plitalari uchun: Qozogʻistondagi ulushi 65, Qirgʻizistondagi ulushi 20 foizga, suv isitgichlar uchun: Tojikistondagi ulushi 58, Qozogʻistondagi ulushi 37 foizga yetdi.
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga eksport qilish hajmini yanada oshirish istiqbollari ulkan. Taʼkidlash joizki, 2020 yilda mintaqa davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 142,6 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 12,7 milliard dollari yoki 8,9 foizi ichki mintaqaviy savdo ulushidir.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlarining xomashyo eksportini hisobga olmagan taqdirda ham foydali qazilma hisoblanmaydigan tovarlar uchun mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo ulushi ancha yuqori boʻladi.
Shuningdek, ichki mintaqaviy savdo hajmini, ayniqsa, tayyor mahsulotlar hisobiga oshirish ulkan istiqbolga ega, deb hisoblanmoqda. Xalqaro savdo markazi metodologiyasi boʻyicha qilingan hisob-kitoblar Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro savdoda 1,1 milliard dollar, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari borasida 530 million, kimyo sanoatida 180 million, metallurgiya sanoatida 120 million, yengil sanoat tovarlari borasida 110 million dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyati mavjudligini koʻrsatdi.
Oʻzbekiston ham Markaziy Osiyo mamlakatlariga 600 million dollardan koʻproq, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha 350 million, yengil sanoat mahsulotlari boʻyicha 90 million, kimyoviy mahsulotlar boʻyicha 80 million dollarlik hamda metallurgiya mahsulotlari boʻyicha 48 million dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyatiga ega.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining ichki bozorlarga oʻzaro kirishining kengaytirilishi, asosan, tayyor mahsulot eksportini oshirish boʻyicha koʻp jihatdan ular tomonidan qoʻyilgan vazifalarni hal qilishga yordam beradi. Chunki xomashyo boʻlmagan koʻpgina tovarlar oʻzaro savdosida ular raqobatchi emas, balki sheriklar boʻlishi mumkin.
Markaziy Osiyo iqtisodiyoti va aholisining oʻsishi bilan ichki hududiy bozorning umumiy salohiyati ham yuksaladi, mamlakatlararo kooperatsion aloqalar va oʻzaro savdo-sotiq kengayishi esa uning investitsion jozibadorligini oshiradi.
BCG xalqaro konsalting kompaniyasi hisobotiga koʻra, keyingi 10 yil davomida Markaziy Osiyoning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyati 170 milliard dollarni tashkil etadi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining investitsion jozibadorligi oshishi bilan Oʻzbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan investitsion hamkorligi ham kengayib bormoqda. Masalan, soʻnggi yillarda Qozogʻiston kapitali ishtirokida Oʻzbekistonda roʻyxatga olingan korxonalar soni 856 tadan 999 taga, Qirgʻiziston korxonalari 169 tadan 217 taga, Tojikistonniki 171 tadan 205 taga, Turkmaniston korxonalari esa 155 tadan 159 taga koʻpaydi.
Oʻzbekiston sarmoyalari ham Markaziy Osiyo davlatlarida faol ishtirok eta boshladi. Masalan, Tojikistonda maishiy elektronika ishlab chiqarish boʻyicha “Artel Avesto Elektroniks” qoʻshma korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Transformator ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxonalar tuzish rejalashtirilmoqda. Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatida plastik eshik va deraza romlari, maishiy texnika ishlab chiqarish qoʻshma korxonalari ishlamoqda, hamkorlikda qishloq xoʻjaligi texnikasi va avtotransport ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Qozogʻistonda avtomobillarni yigʻish qoʻshma korxonasi, toʻqimachilik fabrikasi faoliyat yuritmoqda, maishiy texnika ishlab chiqarish zavodi ochilishi koʻzlanmoqda. Bundan tashqari, ishlov berish sanoati, qurilish, avtomobillar savdosi va servis xizmati sohalarida oʻzbek kapitali ishtirokidagi 1200 dan oshiq kichik biznes korxonasi ishlamoqda.
Oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan kelishuvlar asosida tashkil etiladigan Oʻzbek-qirgʻiz investitsion jamgʻarmasi va Oʻzbek-tojik investitsion kompaniyasi mablagʻlari investitsion hamkorlikning yangi shakli sifatida hamkorlikdagi investitsion loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasidagi “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti hududida Markaziy Osiyo xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi qurilishi boshlanib, u ikki davlatning hamkorlikdagi investitsion loyihalarini amalga oshirish uchun yirik sanoat va savdo-logistika maydoniga aylanadi. Markaz 400 gektar maydonni egallaydi va u bir kecha-kunduzda ikkala yoʻnalishda 35 ming odam va 5 mingta yuk avtomobilini oʻtkazish qobiliyatiga ega boʻladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligi rivoji transport sohasida ham oʻz aksini topdi. Jumladan, mintaqada xalqaro transport yoʻlagi va infratuzilmasini shakllantirish mintaqa davlatlarining eksport mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazishda transport xarajatlari pasayishiga imkoniyat yaratadi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston uchun ishonchli va xavfsiz transport yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish oʻta muhim masala. Chunki mahsulotlarni ochiq dengiz portlariga yetkazib berish uchun yuk tashuvchilarimiz istalgan yoʻnalishda kamida ikkita mamlakat hududini kesib oʻtishi kerak boʻladi.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻzining Turkmanistonga qilgan ilk tashrifi chogʻida Amudaryo orqali oʻtgan Turkmanobod – Farob avtomobil va temir yoʻl koʻpriklarining ochilish marosimida ishtirok etdi. Ushbu koʻpriklar yuk tashish hajmini 2,5 baravar oshirish imkonini beradi va Oʻzbekiston-Turkmaniston-Eron-Oʻmon transport yoʻlagining muhim qismi hisoblanadi.
Xitoy va Qirgʻiziston bilan hamkorlikda qurilgan Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli ham Oʻzbekiston uchun muhim loyiha hisoblanadi. U amaldagi yoʻnalishlarga nisbatan masofani 900 kilometrga, yuklarni yetkazib berish vaqtini esa 7-8 kunga qisqartirish imkonini beradi.
Qozogʻiston bilan shimol-janub va teskari yoʻnalishda toʻgʻri, multimodal transport yoʻnalishlarini yagona tarif siyosatida shakllantirish transport sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishi hisoblanadi va u ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi.
Oʻzbekistonning geografik jihatdan Markaziy Osiyo markazida joylashuvi mintaqadagi savdo-sotiq doirasida tovarlarni qoʻshni mamlakatlar bozorlariga qisqa yoʻnalishlar bilan yetkazib berish va transport xarajatlarini minimallashtirishga yoʻl ochadi. Bu esa mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshiradi va eksport hajmini koʻpaytirish uchun qulay imkoniyatlarni taqdim etadi.
Xulosa oʻrnida qayd etish mumkinki, Oʻzbekiston yuritayotgan ochiq va oʻzaro manfaatli hamkorlik siyosati Markaziy Osiyo mamlakatlarida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Qoʻshni davlatlar Oʻzbekistonning ishonch va yaqin qoʻshnilik muhitini yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuqori baholamoqda, Markaziy Osiyo davlatlari mintaqani barqaror, xavfsiz, hamkorlikda gullab-yashnagan makonga aylantirishga tayyorliklarini izhor qilmoqda. Bu esa mintaqa davlatlari iqtisodiyotlarning tezkor taraqqiyotiga yordam beradi.
Obid HAKIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar
markazi direktori