Mirziyoyev Sergelidagi Yoshlar bogʻiga koʻchat ekdi Bugun, 19 mart kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bogʻiga koʻchat oʻtqazdi.
Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Davlat rahbariga bogʻ loyihasi haqida axborot berilgan. Uning maydoni 75 gektardan ziyod boʻlib, hududi jihatidan poytaxtda «Yangi Oʻzbekiston» bogʻidan keyin ikkinchi oʻrinni…
Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbariga bogʻ loyihasi haqida axborot berilgan. Uning maydoni 75 gektardan ziyod boʻlib, hududi jihatidan poytaxtda «Yangi Oʻzbekiston» bogʻidan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi.
Bogʻ yettita katta hududga boʻlinadi.
Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming oʻrinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.
Maʼlum qilinishicha, ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashgʻulotlar uchun alohida joylar boʻladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, sanʼat koʻrgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va oʻyin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar, ustaxona, kutubxona tashkil etiladi.
Sunʼiy koʻl, kanoe va suzish havzasi, baliq ovi dam oluvchilarga huzurbaxsh boʻladi.
19 mart kuni Toshkent shahri jamoatchiligi, davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari, yoshlar ishtirokida boqqa koʻchatlar ekildi.
Prezident bogʻ loyihasida qatnashayotgan investor va loyihachilar, chet ellik diplomatlar bilan muloqot qildi.
«Xalqimiz qayerda boʻlsa, daraxt ekishga intilgan. Amir Temur Samarqand atrofida soʻlim bogʻlar barpo etgan, boshqa shaharlarni ham obod qilgan. Buyuk bobolarimizga munosib boʻlib, bu ishlarni qilayapmiz», degan Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari boqqa borgan fuqarolar bilan suhbatlashib, ularni Navroʻz bilan tabrikladi.
Boqqa birinchi bosqichda ming tupdan ziyod kashtan, eman, sharqiy chinor, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi.
Qayd etilishicha, bogʻ foydalanishga topshirilishi bilan 350 tadan ortiq ish oʻrni yaratiladi.