“Naqshbandiya pirlari” turizm halqasi ochiladi
Termiz shahrida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda Prezident Mirziyoyev viloyatning tranzit va turizm salohiyatini ishga solish masalalariga toʻxtaldi. Viloyatga qoʻshni davlatlarda 5 milliard dollarlik katta bozor…
Termiz shahrida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda Prezident Mirziyoyev viloyatning tranzit va turizm salohiyatini ishga solish masalalariga toʻxtaldi.
Viloyatga qoʻshni davlatlarda 5 milliard dollarlik katta bozor boʻlsa-da, ularga qilinadigan eksport hajmi 200 million dollarga yetmasligi tanqid qilindi.
Qayd etilishicha, viloyatda hozirda 75 million dollar sarmoya evaziga “Termiz xalqaro savdo markazi” qurilyapti. Markazga “Termiz” bojxona posti koʻchiriladi, “yagona darcha”, notarial va bank xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, Sariosiyodagi “Oʻzbek-Tojik chegara posti” yonida 6 gektar boʻsh yerda “Transport logistika markazi”ni barpo etish, Bandixondagi “Tangi-mush” stansiyasida eksport uchun yuk ortish-tushirish xizmatlarini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
“Tranzit salohiyati yuqori Termiz shahri, Jarqoʻrgʻon, Sariosiyo va Uzundagi magistral yoʻl chetida logistika-servis markazlari ochiladi, Jarqoʻrgʻon, Oltinsoy va Denovni bogʻlovchi 111 kilometr yoʻlni taʼmirlashga xususiy sherik jalb qilinadi”, – dedi davlat rahbari.
Shu bilan birga, viloyatning turizm salohiyati ancha yuqori, bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm obyektlari borligi taʼkidlandi.
Maʼlum qilinishicha, bu yili Dalvarzintepa yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish boʻyicha ishlar boshlandi. Bu ishlarni davom ettirib, Boysunda dunyodagi eng chuqur gʻorlardan biri boʻlgan “Boybuloq”, neandertal odam qoldigʻi topilgan “Teshiktosh” va “Machay” gʻorlari, ellin madaniyati yodgorligi boʻlmish Uzundara qalʼasida ham bunday muzey tashkil etiladi. Sheroboddagi qadimgi odam yashagan Xatak gʻori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi yoʻlga qoʻyiladi.
“Samarqand – Kitob – Denov – Oltinsoy – Termiz” marshruti boʻylab “Naqshbandiya pirlari” turizm halqasi ochiladi.
Viloyatda 2,5 ming oʻringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan.
Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi”dan qatʼi nazar subsidiya berilishi belgilandi.
Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyish, Termizdan Istanbul, Fargʻona, Buxoro va Xorazmga reyslarni koʻpaytirish topshirildi.
Shuningdek, “Termiz – Toshkent” yoʻnalishida turistik vagon qoʻyiladi, “Sariosiyo – Toshkent” yoʻnalishida poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.