Nikoh shartnomasining afzalliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oilaning davlat va jamiyat muhofazasida ekanligi nazarda tutilgan boʻlsa, oila aʼzolarining shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari, nikoh shartnomasiga oid qoidalar Oila…
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oilaning davlat va jamiyat muhofazasida ekanligi nazarda tutilgan boʻlsa, oila aʼzolarining shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari, nikoh shartnomasiga oid qoidalar Oila kodeksida belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikassi Oila kodeksining VI-bobi er-xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibiga bagʻishlangan. Nikoh shartnomasi nikohlanuvchi shaxslarning, yaʼni er va xotinning nikohda boʻlgan davrida va nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilovchi kelishuvdir. Endilikda qonuniy (rasmiy) mulk tartibi bilan birga mulkning shartnomaviy tartibiga ham oʻrin berildi. Bunda er-xotin oʻzlarining mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoki er-xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini oʻrnatishga haqli ekanligi belgilandi.
Nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.Nikoh davlat roʻyxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi.
Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Sud amaliyotiga murojaat etsak, daʼvogar Sh.Anvarova javobgar A.Odilovga (ismi va familiyalari oʻzgartirilgan) nisbatan 29 turdagi jami 15.407.000 soʻmlik mol-mulklarini olib berish haqida sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilgan.
Tumanlararo sudining 2021 yil 16martdagi hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvo qisman qanoatlantirilgan.
Unga koʻra, daʼvogar Sh.Anvarovaning foydasiga javobgar A.Odilovdan 4 turdagi 1.180.000 soʻmlik mulklar olib berilgan.
Yuqoridagi fuqarolik ishidan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida nikoh shartnomasi tuzilmagan, daʼvogar tomonidan nizoli mulklar haqiqatda ham mavjudligi haqida dalillar taqdim etilmagan, sud tomonidan daʼvo arizada koʻrsatilgan mulklar boʻyicha daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrgan boʻlishiga qaramasdan javobgarning yashash uyida yuqoridagi mulklar toʻliq mavjud emasligi aniqlandi.
Nikohshartnomasining afzalligi shundaki, u mulkiy munosabatlarni tartibga solish orqali oilani mustahkamlaydi, er-xotinni bir-biriga tegishli mulkdan toʻgʻri foydalanishga va uni yaxshi saqlashga, mulkiy majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishga undaydi. Darhaqiqat, sud orqali mulkni boʻlishdek koʻngilsiz tortishuvlarni boshidan kechirganlar nikoh shartnomasini zarurligini tasdiqlamoqdalar.
Muxtasar qilib aytganda, nikoh shartnomasi toʻgʻrisida huquqiy targʻibotning koʻchaytirilishi, nikohlanuvchilarning nikoh shartnomalari qoidalari bilan tanishtirilishi kelgusida nikoh shartnomalarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Surxondaryo viloyat sudi sudya katta yordamchisi Neʼmatjon Nazarov