Notkoin sotgan yana bir yigit 10 sutkaga qamaldi
Sud uni kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlikda aybli deb topdi va maʼmuriy qamoq jazosi berish bilan birga telefon apparatini ham musodara qildi. Toshkentda kripto-aktiv savdosi bilan shugʻullangan…
Sud uni kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlikda aybli deb topdi va maʼmuriy qamoq jazosi berish bilan birga telefon apparatini ham musodara qildi.
Toshkentda kripto-aktiv savdosi bilan shugʻullangan yigitga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Karmana tumanida yashovchi, 2003 yilda tugʻilgan Gʻ.Yo. notkoin sotgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Oʻrganilgan sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yil 28 iyun kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan fuqaroning arizasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan. Jarayonda Gʻ.Yo.ga tegishli telefon va plastik kartadan kripto-aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shugʻullanilgani aniqlangan.
Sud majlisida Gʻ.Yo. aybini tan olib, kripto-aktivni Telegram’da yigʻganini, 20 000 dona notkoinni 150 AQSh dollari evaziga sotganini maʼlum qilgan. Yigit bu qilmishi noqonuniy ekanini bilmaganini aytib, suddan oʻziga nisbatan yengillik berishni soʻragan.
JIB Chilonzor tuman sudining 23 iyuldagi qarori bilan Gʻ.Yo. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 155-4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topgan. Unga nisbatan 10 kun maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan telefon apparati tegishli tartibda yoʻq qilinishi belgilangan.