“Ochiq eshiklar kuni”
Joriy yilning 1 dekabr kuni Surxondaryo viloyat sudida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiriga Toshkent davlat yuridik universiteti Termiz filiali talabalari tashrif buyurdi. Talabalar bilan viloyat sudi fuqarolik ishlari…
Joriy yilning 1 dekabr kuni Surxondaryo viloyat sudida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiriga Toshkent davlat yuridik universiteti Termiz filiali talabalari tashrif buyurdi. Talabalar bilan viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyalari davra suhbati oʻtkazishib, davra suhbati davomida talabalarga sudlar faoliyatiga doir masalalar, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
“9 dekabr – Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurash” kuni munosabati bilan talabalar bilan “Korruptsiya rivojlanishimizga toʻsiq” mavzusida seminar mashgʻuloti oʻtkazilib, viloyat sudi raisining oʻrinbosari – fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi B.Djumayev har bir davlat oʻz rivojlanishi davomida milliy manfaatlariga eng koʻp ziyon keltiruvchi tahdidlarga qarshi kurashishni ustuvor vazifa hisoblab, unga qarshi qatʼiy choralar koʻrishi, shuning uchun ham xalqimiz azaldan korruptsiyani, ayniqsa, uning azaliy koʻrinishlaridan biri boʻlgan poraxoʻrlikni qoralab kelgan. Ammo insoniyat taraqqiy etib borgani sari ayrim illatlar, xususan, korrruptsiya ham rivojlanib, uning insoniyatga, jahon iqtisodiyotiga, shu jumladan, respublikamiz iqtisodiyotiga ham salbiy taʼsiri kuchayayotganligini, shu bois, korruptsiya balosidan xalos boʻlish mamlakatimiz oldidagi dolzarb vazifalaridan biri ekanligini bildirdi.
Shuningdek, sudlov hayʼati raisi B.Djumayev seminar mashgʻulotida bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar milliy dastur asosida tizimli amalga oshirib kelinayotganligi, 2017 yil 3 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganidan soʻng respublikada korruptsiyaga qarshi kurashishning yangi davri boshlanganligi, korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiya tuzilganligi, hukumat doirasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida – Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitalari tashkil etilganligi yuzasidan maʼlumot berildi.
Shundan soʻng, viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi D.Almuratova seminar mashgʻulotida joriy yilning 22 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasida “Biz zoʻravonlikka qarshimiz” shiori ostida faol harakatlar kompaniyasiga start berilganligi, kelgusida oʻz joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni hamda jamiyatdagi va oiladagi maʼnaviy-axloqiy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi boshqa holatlarni qoʻzgʻata oladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olish, shuningdek, ushbu jarayonda keng jamoatchilik ishtirok etishini taʼminlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini yoʻlga qoʻyishda, yuzaga keladigan nizoli vaziyatlarni, shu jumladan oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatish sabablarini oʻrganish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish, jamiyatda oilaviy-maishiy tusdagi zoʻrlik ishlatishning har qanday koʻrinishiga nisbatan, birinchi navbatda, yaqin qarindoshlar tomonidan murosasiz munosabat muhitini, shu jumladan jazo muqarrarligini taʼminlash, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash orqali qaror toptirish, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy va shaxslararo munosabatlar sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish jarayonlariga daxldorlik hissini kuchaytirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish kabi ustuvor yoʻnalishlarning amalga oshishiga hissa qoʻshish zarurligini bildiridi.
Zero, gender zoʻravonlik – bu global muammo boʻlib, jamiyatda bunday zoʻravonlikka hech qanday holatda ham koʻz yumib turmasdan, taʼlim va ommaviy axborot vositalari orqali har qanday koʻrinishdagi zoʻravonlikni inkor etadigan, unga toqat qila olmaydigan muhit yaratishda hissa qoʻshishimiz zarur boʻladi.
Asqar Qudratov
Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi bosh konsultanti