Odam savdosi-asr muammosi.
Asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirgi kunga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini…
Asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirgi kunga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan boʻlib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
“Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiya (1949), “Qullik va qul savdosini, qullikka oʻxshash institutlar va odatlarni bekor qilish toʻgʻrisida”gi qoʻshimcha Konventsiya (1956), “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida”gi Konventsiyani toʻldiruvchi “Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini toʻxtatish, oldini olish va uning uchun jazo toʻgʻrisida”gi bayonnoma (2000) bu borada odam savdosiga qarshi kurashishni huquqiy asoslarini yaratib bermoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz aʼzo mamlakat doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga moʻljallangan dasturi” qabul qilingan edi.
Biroq, dunyo boʻylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʻibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki boʻlayotgan asosiy omillardan odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli maʼlumotga ega emasligi va mamlakatlardagi ishsizlik va aholi turmush darajasining pastligidir. Achinarlisi, oʻzga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar moʻmay daromad ilinjida ogʻir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT maʼlumotiga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo boʻyicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashning huquqiy asosini yaratish va samaradorlikni oshirish maqsadida “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Unga koʻra odam savdosiga qarshi kurashuvchi davlat organlari va ularning vakolatlari aniq qilib belgilab qoʻyildi.
Qonunga koʻra odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining quyidagi:
odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
odam savdosini oʻz vaqtida aniqlash va unga chek qoʻyish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi printsipini taʼminlash kabi vazifalar belgilandi. Taʼkidlash joizki, ushbu turdagi jinoyatlarni batamom tugatishni imkoni boʻlmayapti. Odam savdosi bugungi kunga kelib, global xavfligicha qolmoqda.
Sh.Qodirov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Shoʻrchi tuman sudining tergov sudyasi